Putin YeI parchalanishini bashorat qildi (+video)
Rossiya Prezidenti Yevropa uyushmasidagi vaziyatni sobiq sovet hukumatidagi boshqaruv tartibi bilan qiyoslab, ko‘hna qit’a davlatlari yanada kuchli bosim va majburlashga duch kelayotganini aytdi. Bu xabarni TRT kanali tarqatgan.
Ya’ni, Vladimir Putin Yevropa Ittifoqi o‘z-o‘zidan parchalanib ketishi mumkinligini ta’kidlagan. “Valday” forumi yig‘ilishi boshqaruvchisi birlashmani parchalab yuborish imkoni haqida so‘raganda Putin shunday degan:
– Buning hojati yo‘q, ular o‘zlari parchalanib ketadi!
Avvalroq RF yetakchisi YeI ehtimoliy yemirilishi to‘g‘risidagi muhokamaga Moskva aralashmasligini aytib, bu Rossiya go‘yoki Yevropa Ittifoqini parchalashga urinyapti, qabilida taassurot uyg‘otishi mumkinligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva aksincha qit’a davlatlari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor.
Xullas, Putin Rossiya Yevropa davlatlari bilan munosabatni tiklashga tayyorligini qayd etgan. Shu bilan birga ayrim yevropalik siyosatchilarni muayyan davlatlarga Moskva bilan mustaqil ravishda muloqot o‘rnatishga imkon bermayotganlikda ayblagan.
– Hozir ayrim davlatlarga Rossiya bilan munosabat o‘rnatishni kimdir taqiqlamoqda, – degan u. – Bizga esa hech kim taqiq qo‘ymayapti, biz hamkorlikka tayyormiz.
Prezidenti bunday vaziyatni “Sovet Ittifoqi davridagidan ham kuchliroq diktat” deb atagan. Vaziyatni u shunday izohlagan:
– Sobiq SSSRda ittifoqdosh respublikalar rasman yagona markazlashgan davlat tarkibiga kirgan. YeIda esa nazariy jihatdan bunday tizim yo‘q esa-da, amalda mavjud.
Binobarin, Putin “amalda mavjud” tizimga batafsil to‘xtalmagan. Qolaversa, Moskva Yevropa bilan hamkorlik istagidan voz kechmayotgani, mamlakatni muloqotdan bosh tortgan tomon, deya hisoblamasligini takrorlagan. Ya’ni, ko‘hna qit’a davlatlari tegishli ishora qilsa, Rossiya munosabatni tiklashga tayyor ekan.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, (video) O‘zA