Putin: Armaniston Yevropa Ittifoqi yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini tanlashi kerak (+video)
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida uchrashdi, deb xabar berdi DW nashri.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Yerevanning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza berish rejasi bo‘lgan. Putin Pashinyanga shunday dedi: «Siz Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan chiqish haqida ariza bermaganini aytdingiz. Ammo boshqa iqtisodiy tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash haqida qonun qabul qilish amalda bizning tashkilotdan chiqishni anglatadi. Chunki bir vaqtning o‘zida ikki tashkilotda bo‘lish mumkin emas».
Putin «boshqa tashkilot» deganda Yevropa Ittifoqini, «bizning tashkilot» deganda esa Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini nazarda tutdi.
Rossiya prezidenti bu ikki tashkilot bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi. Uning fikricha, bu masalada «xalqqa murojaat qilish va ularning fikrini so‘rash» kerak.
Pashinyan esa Yerevan Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi shartnomalarni, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi majburiyatlarni o‘rganib chiqqanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Armanistonning Rossiya yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi oldidagi majburiyatlariga zid holat aniqlanmagan. Bosh vazir, shuningdek, Armaniston 2025-yilda Yevropa integratsiyasini boshlash haqida qonun qabul qilganidan keyin YeI va Yevroosiyo iqtisodiy ittfoqidan qaysi birini tanlash bo‘yicha referendum o‘tkazish g‘oyasidan amalda voz kechganini bildirdi.
Pashinyan 24-avgust kuni Armaniston yaqin vaqt ichida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza berish jarayonini boshlashini ma’lum qilgan edi. Shundan keyin Yevropa Komissiyasi Armaniston hozir YeIga har qachongidan ham yaqinroq ekanini bildirdi. Biroq Komissiya Armanistonning YeIga qo‘shilishi aniq belgilangan va mamlakatning natijalariga asoslangan jarayon orqali amalga oshishini eslatdi. Shuningdek, Pashinyan iyun oyida Armanistonning YeIga a’zo bo‘lishi masalasida referendum o‘tkazish uchun hozircha asos yo‘qligini aytgan edi. Rossiya prezidenti, shuningdek, Ukrainadagi voqealarning «ssenariysi» go‘yo Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga urinishidan boshlanganini eslatdi.
Armanistonda 7-iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari oldidan Moskva Yerevanga bosimni kuchaytirdi. Jumladan, Rossiya Armanistonning ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z hududiga olib kirishni taqiqladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KZAUCsFPLYw" title="Putin: Armaniston Yevropa Ittifoqi yoki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini tanlashi kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA