Pul iste’molchiga qaytarildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida yashovchi fuqaro J.N. internet orqali Andijon viloyatidan 1 bosh sigirni buyurtma asosida 46 million so‘mga sotib oldiradi.
Biroq, sigir xaridorga og‘ir vaziyatda olib kelinadi. Iste’molchi esa darhol uni veterinar ko‘rigidan o‘tkazadi, ammo, sigirning ahvoli yaxshilanmaydi. So‘ng Andijonga egasiga qaytarib yuborishga majbur bo‘ladi.
Iste’molchi to‘langan pulni qaytarib ololmaganidan so‘ng Ellikqal’a tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi. Murojaat Andijon viloyati Shahrixon tumani va Ellikqal’a tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari mutaxassislari bilan hamkorlikda ko‘rib chiqildi. O‘rganish davomida murojaat egasining e’tirozi asosli ekanligi aniqlandi.
Natijada iste’molchining sigir uchun to‘lagan 46 million so‘m va ularni Andijon viloyatidan oldirish uchun yo‘lga sarflangan 1 million so‘m pul iste’molchiga to‘liq qaytarildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.