Prokurorlar kitobxonlikni targ‘ib qilmoqda
“Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” g‘oyasi asosida Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi shodiyonasi nishonlanadigan ushbu yilda Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan kitobxonlik aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiyada Mirzaobod tumanida joylashgan Abdulla Oripov nomidagi madaniyat markazida tashkil qilingan kutubxonaga viloyat prokuraturasi xodimlari tashabbusi bilan “Mustaqillikning 30 yilligiga 30 xil kitob” shiori ostida mingdan ortiq kitob sovg‘a qilindi.
Besh tashabbusning to‘rtinchisi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish hisoblanadi.
Shu bois ham viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur kutubxona tashkil etilgan. Zero, yoshlarni kitobga, ilm-fanga, adabiyotga qiziqtirish “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy ustunidir.
Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov mahallalarda yoshlar bilan uchrashib, muammo va takliflarini eshitish bilan birga, ularga badiiy kitoblar sovg‘a qildi.
Bundan tashqari, Sergeli tumani sektor rahbarlari bilan birgalikda Bosh prokurorga biriktirilgan Jo‘nariq va Sohibqiron mahallalarida mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha amalga oshirilayotgan amaliy tadbirlar jarayoni o‘rganildi.
O‘rganishda aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish hamda ish samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Muattar Burhonova, O‘zA