Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengayadi
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash hamda ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, ichki ishlar organlari nomidan 185/2- va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolati probatsiya xizmatining katta inspektoriga berilyapti.
Nazorat ostidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizning ichki ishlar organlari tizimida ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ma’naviy va jismoniy jihatdan rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar o‘rtasida profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilayotganligiga qaramay, probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi huquqiy ta’sir choralarining qayta ko‘rib chiqilishini talab etmoqda.
Shuningdek, sud tomonidan belgilangan cheklovlar va majburiyatlarga rioya etmayotgan probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar yuzasidan tezkor hamda ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash uchun ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlarni berish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga va ularga nisbatan qo‘llaniladigan ta’sir choralari natijadorligining oshishiga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzasi ham muhokama qilindi va savol-javoblardan so‘ng qo‘llab-quvvatlandi.
M.Komilova, O‘zA