Poytaxtimizda Arbitraj haftaligi o‘tkaziladi
Toshkentda 19-23 sentyabr kunlari O‘zbekiston arbitraj haftaligi (UzAW-2022) bo‘lib o‘tadi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, palata qoshidagi Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC), Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti hamkorligida tashkil etilmoqda.
UzAW – bir hafta davomida butun dunyodan yetakchi ekspertlar, jumladan, arbitrlar hamda yuridik, arbitraj va biznes hamjamiyati (anjuman dasturi va boshqa ayrim ma’lumotlarni https://www.uzbekarbitrationweek.com/ saytidan olish mumkin), xususan, GST LLP, Foley Hoag LLP, Allen&Overy, Praelegal kabi xalqaro kompaniya vakillarini birlashtiruvchi qator tadbirlar jamlanmasidir.
Arbitraj – sud muhokamasidagi nizolarni hal qilishning muqobil mexanizmi bo‘lib, bunda tomonlar nizoni bartaraf etish uchun tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lgan (jumladan, texnik, masalan, qurilish bo‘yicha yoki energetika sohasi bilan bog‘liq nizoda) sudya (arbitr)ni, shuningdek, ish yuritish tili va amaldagi qonunni tanlashi mumkin. Eng muhimi, arbitraj qarori (sud qaroridan farqli ravishda) 1858 yilda qabul qilingan Nyu-York xorijiy arbitraj qarorini tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi qoidaga muvofiq, O‘zbekistondan tashqari 169 davlatda nizo bo‘yicha yutqazgan tomonning aktivlariga nisbatan ijro etilishi mumkin. Shunisi e’tiborga loyiqki, sud qarorlari uchun bunday xalqaro hujjat mavjud emas. Boshqacha aytganda, tomonlardan biri O‘zbekistonda chet ellik kontragentga qarshi sud ishida g‘alaba qozongan taqdirda ham, agar, bu xorijiy kontragentning yurtimizda aktivi bo‘lmasa, O‘zbekistondan tashqarida ushbu sud qarorini ijro etish amalda mumkin emas. Shuning uchun arbitraj xorijiy element yoki xorijiy investor bilan o‘rtadagi nizoni hal qilishning afzal usuli hisoblanadi.
“UzAW-2022” ishtirokchilarni nizolarni muqobil hal etishning so‘nggi tendensiyalari bilan tanishtirish, shuningdek, O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, mintaqaning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan rejadagi va amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligini oshirishga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, anjuman O‘zbekistonni xalqaro arbitraj uchun qulay maydon sifatida targ‘ib qilishni ko‘zlaydi, barcha manfaatdor tomonlar uchun ajoyib tarmoq imkoniyati bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirlarda xalqaro, davlat tashkilotlari va boshqa yirik kompaniyalarning 200 dan ortiq vakili ishtirok etishi kutilmoqda. “UzAW”ni qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro tashkilotlar: AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), YeXHTning O‘zbekistondagi koordinatori ofisi, Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi va Osiyo taraqqiyot banki.
O‘zA