Pokiza Ahmadbekova va Marjona Pardaboyeva — jahon chempionlari
AQSHning Alabama shtati Xantsvill shahrida para velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli boshlandi.
Musobaqaning dastlabki kunidayoq vakillarimiz ikki bor shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. H1 klassida ishtirok etgan Pokiza Ahmadbekova belgilangan masofani raqiblaridan avval bosib o‘tib, jahon chempionligi unvonini qo‘lga kiritdi. Uning g‘alabasi O‘zbekiston delegatsiyasiga chempionatdagi dastlabki oltin medalni taqdim etdi.
Ko‘p o‘tmay, T1 klassida startga chiqqan Marjona Pardaboyeva ham munosib natija qayd etib, marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Shu tariqa, u ham jahon chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi.
Bir kunning o‘zida ikki sportchimiz jahon chempionligi shohsupasiga ko‘tarildi. Pokiza Ahmadbekova va Marjona Pardaboyevaning bu natijasi O‘zbekiston paravelosporti tarixida navbatdagi muhim yutuq sifatida qayd etildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA