Pokistonda xudkush masjidni portlatdi
Kecha Pokiston shimoli-g‘arbidagi Xayber-Paxtunxva viloyati Kohat shahrida bino portlatilgan.
Mahalliy “Dawn” gazetasi xabar berishicha, voqea shahar politsiya bo‘limida joylashgan masjidda sodir bo‘lgan. Yaradorlar kasalxonalarga olib ketilgan, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, portlovchi modda bilan to‘la mashina politsiya bo‘limi binosiga urilgan. Hodisa sababi hali aniqlanmadi. Portlashdan keyin qurolli guruhlar bilan otishma yuz bergani, qurbonlar 17 kishi ekani ma’lum qilindi.
Halok bo‘lganlarning 6 nafari politsiya xodimi. Yaradorlar jami 40 kishi.

Mahalliy hokimiyat hujum juma namozi payti xudkush terrorchi tomonidan amalga oshirilgani aytildi.
Terrorchi portlovchi modda ortilgan mashinani to‘g‘ri politsiya binosi darvozasiga haydagan. Fojeadan so‘ng kamida yetti hujumchi binoga kirishga uringan, ulardan olti nafari politsiya bilan otishmada halok bo‘lgan.
“Tehrik-e-Tolibon Pokiston” tashkilotining bir bo‘limi hujum uchun javobgarlikni zimmasiga oldi.
Eng so‘nggi xabarga ko‘ra, hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni 21 kishiga yetgan, ulardan 15 nafari politsiya xodimi. 103 kishi jarohat olgani ham qo‘shimcha qilingan.
S.Rahimov, O‘zA