Plastik kartochka orqali milliardlab to‘lov
Milliy matbuot markazida “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan hisob-kitoblarni bank kartalari orqali amalga oshirish tizimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan hisob-kitoblarni bank kartalari orqali amalga oshirish tizimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 19-apreldagi “Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu tizim izchil kengaytirilayotgani ta’kidlandi.
“O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan 1 milliondan ziyod plastik kartochka muomalaga chiqarilgan bo‘lib, 10 ming ikki yuzga yaqin chakana savdo va xizmat ko‘rsatish korxonasi to‘lov terminallari bilan ta’minlangan. Aholi bo‘sh pul mablag‘larini jalb etish, bank infratuzilmasini yaxshilash, kommunal to‘lovlar va boshqa xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish uchun joylarda ikki yuz qirqdan ortiq mini-bank va maxsus kassalar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning uch oyida ular orqali 154 milliard so‘mlik to‘lovlar va 740 milliard so‘mdan ziyod ish haqi to‘langan.
– Joriy yilning martidan jismoniy shaxslarning plastik kartochka hisobvaraqlari bo‘yicha stavkalar to‘qqiz foiz etib belgilangani mijozlar uchun yanada foyda keltiradi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank”ning plastik kartochkalarni rivojlantirish departamenti direktori Ubaydulla Ahrorov. – “Internet-banking”, “Bank-mijoz”, “Sms-banking” kabi dasturlarimiz to‘lovlarni masofadan turib amalga oshirish imkonini bermoqda.
Anjumanda “O‘zsanoatqurilishbank” tezkor, qulay va sifatli xizmatlari mijozlarga manzur bo‘layotgani ta’kidlandi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.