“Piyozlar bog‘i”ning yangi mavsumi (+video)
Toshkent Botanika bog‘ida “Piyozlar bog‘i”ning yangi mavsumi boshlandi. Bu yerda Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron va O‘rta Yer dengizi mintaqasiga xos yuzdan ortiq noyob piyoz turlari parvarish qilinmoqda.
Global Allium Garden — O‘zbekiston va Xitoy olimlarining qo‘shma tashabbusi. U nafaqat o‘ziga xos o‘simliklar bog‘i, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik timsoliga aylangan.
Har bir o‘simlik yonida joylashtirilgan maxsus yorliqlar, QR kodlar orqali tashrif buyuruvchilar uning kelib chiqishi va ahamiyati haqida ko‘proq ma’lumot olishi mumkin.
Yangi fasl bilan birga, “Piyozlar bog‘i” Toshkentning yana bir betakror go‘shasiga aylangan. Bu yerga tashrif buyurib, tabiatning rang-barang mo‘’jizalariga guvoh bo‘lishingiz mumkin.
26 aprel kuni tantanali ravishda ushbu bog‘da “Piyozlar bog‘i”ning yangi mavsumi ochildi. Marosimda Xitoy Fanlar akademiyasining Kunming Botanika instituti olimlari va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vakillari ishtirok etishdi.
Global Allium Garden loyihasi ilk bor 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyodagi yirik piyozsimon o‘simliklar kolleksiyalaridan biriga aylangan. Dastlab, 0,5 gektar maydonda asos solingan bo‘lsa, bugun o‘zbekiston florasi qatorida boshqa geofit turlar — lolalar, gulsafsarlar va shirachlar ham yetishtirilmoqda.
Hozirda “Piyozlar bog‘i”da Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron, Kavkaz, Turkiya va O‘rta Yer dengizi mintaqasiga xos 100 dan ortiq piyoz turlari parvarish qilinmoqda. Har bir turning lotincha nomi, tarqalish hududi va qisqacha tavsifi ko‘rsatilgan maxsus ma’lumotlar ham tayyorlangan.
Bundan tashqari, bog‘da O‘zbekistonda keng tarqalgan pishiq va dorivor piyoz navlaridan iborat alohida kolleksiya tashkil etilgan. Bu esa nafaqat botaniklar, balki qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi mutaxassislarining ham e’tiborini tortmoqda.
“Piyozlar bog‘i” — O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik va do‘stlik ramziga aylangan yirik loyihalardan biri. Har yili o‘tkaziladigan mavsumiy tadbirlar yuzlab tashrif buyuruvchilarni o‘ziga jalb qilmoqda. Shu bilan bir qatorda, ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/LJm02efcUNc" title="“Piyozlar bog`i”ning yangi mavsumi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kelgusida Toshkent Botanika bog‘ida yangi, keng ko‘lamli ilmiy ekspozitsiyalarning ochilishi rejalashtirilgan.
Shu tariqa, bugun Toshkent va Kunmingdagi Global Allium Garden markazlari dunyoning turli burchaklaridan kelgan o‘simlikshunoslar va sayyohlarni o‘ziga jalb etishda davom etmoqda.
M.Eshmirzayeva, O‘zA