Piyoz yetishtirishdan - eksportgacha: 2026-yilda O‘zbekiston bozoridagi vaziyat qanday?
Piyoz — oddiy mahsulot emas. U dunyo xalqlari oshxonasida alohida o‘rin tutadi va kundalik iste’moldan tortib eksportgacha bo‘lgan zanjirda muhim ahamiyatga ega. 2026-yil boshidan esa mazkur bozorda jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda: eksport qisqardi, narxlar pasaydi, ayrim imkoniyatlar esa hali to‘liq ishga solinmagan.
O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sohada muayyan yutuqlar bilan birga tizimli muammolar va yangi imkoniyatlar ham mavjud.
So‘nggi yillarda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish maqsadida markaziy va hududiy eksport shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xorijiy bozorlar haqidagi ma’lumotlar maxsus raqamli platformalar orqali mahalliy eksportchilarga yetkazilmoqda.
2025-yilda O‘zbekistondan 309,1 ming tonna piyoz 85,1 million dollarga eksport qilingan. Eksport geografiyasi 23 ta davlatni qamrab oldi. Asosiy ulush Rossiya, Qozog‘iston, Iroq, Qirg‘iziston va Belarus davlatlariga to‘g‘ri keladi.

Biroq, 2026-yilning birinchi choragida Qozog‘istonda piyoz yetishtirish 42 foizga oshib, mintaqaviy bozorda taklifni ko‘paytirishi, global logistika zanjirlaridagi uzilishlar, noqulay ob-havo sharoiti tufayli ertapishar hosilning kechikishi kabi omillar sababli eksport hajmi keskin kamayib, 2,3 barobarga pasaygan.
Shu bilan birga, yangi bozorlar sifatida Yevropa Ittifoqi, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlariga chiqish imkoniyatlari mavjud. Ayniqsa, Yevropa bozori yuqori narx va talablari bilan ajralib turadi. Respublikada 583 ta quritish korxonasi mavjud bo‘lsada, ularning barchasi to‘liq quvvatda ishlamayapti. 2025-yilda 13,6 ming tonna quritilgan piyoz eksport qilingan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich umuman qayd etilmadi.
Quritilgan piyoz — yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot bo‘lib, Yevropa, Rossiya va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlarida katta talabga ega. Shu bois bu yo‘nalish eksportni diversifikatsiya qilishda muhim omil bo‘lishi mumkin. 2026-yil boshidan ichki bozorda piyoz narxlari pasaydi. Yanvar–aprel oylarida narxlar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 37 foizga arzonladi va 1 kg. uchun 2600–4500 so‘m atrofida shakllandi.
Ayrim hududlarda eng past narxlar Sirdaryo va Farg‘onada, eng yuqori narxlar esa Toshkent shahrida kuzatilmoqda. Xalqaro taqqoslamada esa O‘zbekistonda piyoz narxi ancha arzon: o‘rtacha 0.25–0.35 dollar. Bu ko‘rsatkich Yevropa va rivojlangan davlatlarda bir necha barobar yuqori.
Bugungi sharoitda piyoz bozorini barqaror rivojlantirish uchun omborlarda mahsulot sifatini doimiy nazorat qilish, zamonaviy saqlash texnologiyalarini joriy etish, eksport uchun mahsulotni saralash va standartlashtirish, ortiqcha hajmlarni qayta ishlashga yo‘naltirish hamda logistika zanjirlarini takomillashtirish kabi choralar muhim.
Umuman olganda, 2026-yil piyoz bozori uchun sinov yili bo‘lmoqda. Ammo mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanilsa, mazkur soha nafaqat ichki bozor barqarorligini ta’minlaydi, balki eksport salohiyatini ham yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA