PIning 153-assambleyasi: muhim minerallardan samarali foydalanishda parlament nazorati kuchaytiriladi
Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida «Umumiy farovonlikni ta’minlashda muhim minerallar: parlament nazoratini kuchaytirish» mavzusida maxsus seminar bo‘lib o‘tdi.
Turli mamlakatlar parlamentlari vakillari, xalqaro ekspertlar va Parlamentlararo ittifoq rasmiylari ishtirok etgan tadbirda mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish hamda qazib oluvchi tarmoqlarda shaffoflik va parlament nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yashil energetikaga o‘tish sharoitida muhim minerallarga talabning ortishi, tabiiy resurslardan olinadigan daromadlarni adolatli taqsimlash, atrof-muhit va mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, shartnomalar ochiqligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va mineral resurslardan foydalanishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishda parlamentlarning roli haqida so‘z yuritildi.
Seminarda O‘zbekiston delegatsiyasi nomidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Dilbarxon Mamajonova so‘zga chiqdi.

Deputat jahon iqtisodiyotidagi shiddatli o‘zgarishlar sharoitida geologiya, tog‘-kon sanoati va sanoat siyosati alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. O‘ta muhim minerallar iqtisodiy barqarorlik, texnologik rivojlanish, energetik o‘tish va insonlar hayot sifatini belgilovchi omilga aylanib, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonning maqsadi – xomashyo yetkazib berish bilan cheklanmay, uni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish zanjirini yaratishdir. Markaziy Osiyoning global ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilishdagi o‘rni ham ortib bormoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqi bilan o‘ta muhim xomashyo sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi imzolangani bunga misol sifatida keltirildi.
D.Mamajonova sohaga jalb etilayotgan yirik xorijiy investitsiyalar milliy manfaatlar va ekologik, ijtimoiy hamda korporativ boshqaruv (ESG) standartlariga mos bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, parlamentlarning ijro hokimiyati ustidan nazoratini kuchaytirishga doir qator takliflarni ilgari surdi.
Jumladan, xorijiy sheriklar bilan tuziladigan shartnomalarda xomashyo qazib olish bilan birga yuqori texnologiyalarni olib kirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish majburiyatlarini aniq belgilash zarurligi qayd etildi.
Parlament qo‘mitalari suv tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha nazorat tadbirlari va eshituvlar o‘tkazishi lozimligi ta’kidlandi. Orol fojiasini boshdan kechirgan mintaqa uchun atrof-muhit muhofazasiga alohida mas’uliyat bilan yondashish muhimligiga urg‘u berildi.
Parlamentlararo hamkorlik orqali xalqaro investorlar bilan adolatli va teng huquqli shartnomalar tuzish, mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlari va klasterlarni shakllantirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash taklif etildi. Bir davlatda litiy qazib olinib, boshqasida elektromobil batareyalari ishlab chiqariladigan mintaqaviy kooperatsiya bunday hamkorlikning amaliy namunasi bo‘lishi mumkinligi aytildi.
Seminarda muhim minerallardan oqilona foydalanishning asosiy mezoni – ularning aholi farovonligi, bandlik va iqtisodiy mustaqillikka qo‘shadigan hissasi ekani qayd etildi. Samarali parlament nazorati resurslarni chuqur qayta ishlash, investitsiyalar shaffofligi va ekologik mas’uliyatni ta’minlash orqali tabiiy boyliklarni barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA