Pfizer rahbari “Yahudiy Nobeli” mukofotiga sazovor bo‘ldi
Pfizer Bosh ijrochi direktori Albert Burla rahbarligida qisqa vaqtda koronavirusga qarshi samarali vaksina yaratildi. Shu sababli, Burlaga 2022 yilgi “Genesis” (Ibtido) sovrini topshiriladigan bo‘ldi. Bu haqda bugun rasman e’lon qilindi.
“Yahudiy Nobeli” deb ham ataladigan mukofot har yili taniqli yahudiylarga kasbiy yutug‘i, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.
Bu yil g‘oliblik uchun aktyor Sasha Baron Koen, dizayner va filantrop Diana fon Fyurstenberg, yozuvchi Yuval Noy Xarari, aktrisa Skarlett Yoxansson ham kurash olib borganini qo‘shimcha qilish mumkin.
Dunyoning 71 davlatidan 200 mingdan ortiq yahudiy faoli ishtirok etgan ovoz berish natijasiga ko‘ra, Albert Burlaning nomzodi eng ko‘p ma’qullangan. Taqdirlash marosimi Isroilda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Isroil dunyoda birinchilardan bo‘lib Pfizer vaksinasini olgan davlat hisoblanadi.
Albert Burla 1962 yili Gretsiyaning Saloniki shahrida yahudiy oilada tug‘ilgan. Veterinariya fanlari va reproduktiv biotexnologiya bo‘yicha doktorlik darajasiga ega. Doktor Burla 25 yildan oshibdiki, Pfizer kompaniyasida ishlaydi. Hozir u rafiqasi va ikki farzandi bilan Nyu-Yorkda yashaydi.
E’tiborli jihati, odatga ko‘ra “Genesis” sovriniga qo‘shib beriladigan 1 million dollar mukofot puli xayriya ishlariga sarflanadi.