Peshqadamlik uchun kurash qizg‘in
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Turning kutilmagan natijasi «Olmaliq» (Olmaliq) va “Nasaf” (Qarshi) jamoalari o‘rtasidagi bahsda qayd etildi. Mazkur uchrashuvda “Olmaliq” klubi vakillari qarshilik charm to‘pi ustalarini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, joriy yilgi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rganini isbotladi. Zero, olmaliqliklar Toshkentning “Paxtakor” jamoasiga qarshi kechgan birinchi tur bahsida ham 1:1 hisobida durang natija qayd etgan edi. Ikki tur yakuniga ko‘ra, “Olmaliq” klubi 4 ochko bilan musobaqa jadvalida to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. “Nasaf” esa ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng yettinchi o‘ringa tushib ketdi.
Zarafshonda o‘tgan “Qizilqum” va “Bunyodkor” (Toshkent) o‘rtasidagi bahsda ham 2:0 hisobi qayd etildi. Ammo, bu uchrashuv kutilganidek Sergey Lushan shogirdlari foydasiga hal bo‘ldi. Vohid Shodiyevning “dubl”i “Bunyodkor” jamoasining ishonchli g‘alabasini ta’minladi. Muborakning “Mash’al” jamoasi ham “Andijon” klubiga qarshi kechgan o‘yinda raqib darvozasiga javobsiz ikkita to‘p kiritdi. Ikki tur natijasiga ko‘ra, olti ochkodan jamg‘argan “Bunyodkor” va “Mash’al” jamoalari turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
G‘uzorning «Sho‘rtan» jamoasi «So‘g‘diyona»ni (Jizzax) yirik – 3:0 hisobida yengdi. G‘uzorliklarga g‘alaba keltirgan gollarga G‘.G‘ulomov, E.Boymatov va I.Taran mualliflik qildi.
«Navbahor» (Namangan) o‘z maydonida «Metallurg» (Bekobod) bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, “Lokomotiv” (Toshkent) – “Neftchi” (Farg‘ona) va “Buxoro” (Buxoro) – «Dinamo» (Samarqand) uchrashuvlarida 1:1 hisobi qayd etildi.
Ikkinchi tur doirasidagi «Qo‘qon – 1912» (Qo‘qon) va «Paxtakor» (Toshkent) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv qoldirildi.