Pedagoglarning Xorazmdagi o‘quvlari davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, Xorazm viloyatida “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston kelajagi” mavzusidagi o‘quv-seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tizimda faoliyat olib borayotgan pedagoglarni sohadagi muhim yangiliklar, ilg‘or xalqaro tajribalar bilan tanishtirish maqsadida hududiy bo‘linmalar uchun tashkil etilgan mazkur seminar doirasida madaniy tadbirlar, ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishish va hay’at yig‘ilishi kabi tadbirlar o‘rin olgan.
Seminar ishtirokchilarining Xorazmga tashrifi “Renessans” nodavlat ta’lim tashkiloti bilan tanishuvdan boshlandi.
Tashrif davomida ishtirokchilar muassasada yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi hamda ilg‘or pedagogik yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, ta’lim jarayonida Xitoy metodikasi asosida qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar va ularning amaliy samaradorligi haqida ma’lumotlar berildi.
Mazkur tashrif ishtirokchilar uchun ilg‘or tajribalarni o‘rganish, o‘zaro fikr almashish va yangi g‘oyalar olish imkonini berdi.
– Xorazmga tashrifimiz bizda katta taassurot qoldirdi, – deydi Jizzax viloyati Forish tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘lim boshlig‘i Gavhar Berkinova. – Ayniqsa, “Renessans” ta’lim tashkilotidagi zamonaviy muhit va tarbiyachilarning o‘z ishiga bo‘lgan munosabati tahsinga loyiq. Bu yerda qo‘llanilayotgan Xitoy pedagogik metodikasi o‘quvchilarning salohiyatini ochishda juda samarali ekaniga guvoh bo‘ldik. Bunday ilg‘or tajribalarni boshqa hududlarda ham ommalashtirish maqsadga muvofiq.
Seminar ishtirokchilarining navbatdagi manzili Xiva shahridagi 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi.
Tashrif davomida mehmonlar muassasada bolajonlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi, imkoniyatlar hamda pedagoglarning samarali ish tajribalari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimida sifatli ta’lim-tarbiya muhitini shakllantirish, ilg‘or usullarni amaliyotga tatbiq etish va bolalarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Seminar ishtirokchilari Urganch shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘ldi.
Bu yerda pedagoglar maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari, o‘quvchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda ta’lim jarayonini samarali tashkil etish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, maktabda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar uchun qulay ta’lim muhitini yaratish va ilg‘or pedagogik yondashuvlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
[gallery-30861]
Kunning ikkinchi yarmida o‘quv-seminar ishi Ma’mun universitetida davom etdi.
– Ma’mun universitetida tashkil etilgan seminar davomida ishtirokchilarimiz ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda yangi o‘quv yilini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashishdi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zamira Erejepova. – O‘ylaymanki, ushbu seminar yangi o‘quv yili oldidan seminar ishtirokchilariga yangi tajriba va malakani taqdim etadi. Ular o‘z hududlarida xuddi Xorazmdagi kabi namunali o‘quv jarayonlarini tashkil etadi.
Mashg‘ulotlar jarayonida amaliy tajribalar tahlil qilinib, ta’lim tizimida samaradorlikni oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar muhokama qilinmoqda.
Uch kunlik “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston kelajagi” mavzusidagi o‘quv-seminar yakunida hay’at yig‘ilishini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Unda o‘tgan yil sarhisob qilinib, yangi o‘quv yilidagi ustuvor vazifalar, yangi dasturlar va tayyorgarlik masalalari muhokama qilinadi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari