Pedagoglar uchun seminar
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida mamlakatimizdagi iqtisodiyot, ishlab chiqarish, sanoat sohasiga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida mamlakatimizdagi iqtisodiyot, ishlab chiqarish, sanoat sohasiga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mustaqil va yangicha tafakkurga ega barkamol shaxsni voyaga yetkazish, o‘qitish tizimini sifat va mazmun jihatdan yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ushbu o‘quv mashg‘uloti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-avgustdagi «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq jahon andozalari darajasidagi bilim maskanlari barpo etilib, zamonaviy o‘quv-laboratoriya, komputer jihozlari bilan ta’minlanmoqda. Bu imkoniyat va shart-sharoitlar navqiron avlodning yaxshi ta’lim-tarbiya olib, salohiyatli kadrlar bo‘lib ulg‘ayishi, mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat yuritishi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu jarayonda yosh avlodga ta’lim berayotgan pedagoglarning ham mehnati munosib baholanib, har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor samarasida ustoz-murabbiylarning kasb malakasi va mahorati muntazam oshib bormoqda. Bu malakali ustozlardan ta’lim olayotgan yoshlarning turli yo‘nalishlarda yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani, loyiha va ishlanmalari bilan xalqaro miqyosda e’tirofga sazovor bo‘layotganida namoyon bo‘layotir.
Seminar-trening davomida pedagoglar iqtisodiyot nazariyasi, marketing, menejment, servis, turizm, buxgalteriya hisobi, audit, bank ishi va xalqaro valyuta-kredit munosabatlari kabi fanlar doirasida hamda kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quv jarayoniga zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etishga oid bilimlarini yanada mustahkamladi.
Bu kabi loyihalarning hayotga keng tatbiq etilayotgani pedagog kadrlarning o‘z ustida muntazam izlanishi, ta’lim jarayoniga zamonaviy va samarali o‘qitish texnologiyalarini joriy etish, ilg‘or ish tajribasini keng ommalashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘layotir.