«Paxtakor» Toshkent derbisida g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 16-turida «Andijon» – «Surxon», «Paxtakor» – «Lokomotiv» klublari o‘zaro raqobatlashdi.
Mazkur turning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri bo‘lgan «Andijon» va «Surxon» bahsida kutilmagan natija qayd etildi. Uchrashuvda dastlab, «Surxon» jamoasi yarim himoyachisi Dostonbek Tursunov 23-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasida Abdurauf Haydarov hisobni 2:0ga yetkazdi.

«Andijon» klubi ushbu kutilmagan vaziyatdan chiqib ketish uchun bosimni va hujumlarini yanada kuchaytirdi. Natijada zaxiradan maydonga tushirilgan Rustam Turdimurodov 76-daqiqada hisobni qisqartirdi. Oradan 5 daqiqa o‘tgach, burchak zarbasidan keyin Vladimir Bubanya hisobni tenglashtirdi. Biroq «Surxon» o‘yin tizginini yana qo‘lga olish maqsadida tezkor qarshi hujumga o‘tdi. Buning samarasida Sunnatillo Hamidjonov 80-daqiqada raqib darvozaga to‘pni joylab qo‘ydi va jamoasining 3:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi. Darvoqe, ushbu o‘yin garchi yomg‘ir ostida o‘tgan bo‘lsada, «Bobur arena» stadioniga 7 ming 852 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Safardagi g‘alabadan so‘ng «Surxon» ochkolarini 22 taga yetkazdi va 6-o‘rindan joy oldi. Andijon esa 19 ochko bilan 9-o‘rinda qoldi.
Shuningdek, poytaxtimizdagi «JAR» stadionida o‘tgan Toshkent derbisida «Paxtakor» kutilganidek 3:1 hisobida «Lokomotiv» jamoasini dog‘da qoldirdi. Bu g‘alaba evaziga «Paxtakor» 25 ochko jamg‘argan holda Superliga jadvalining 4-pog‘onasiga ko‘tarildi. «Lokomotiv» esa 12 ochko bilan 12-o‘ringa joylashdi.
Bugun, 19 avgust kuni, «Navbahor» – «Bunyodkor» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 16-turni yakunlab beradi.
Ushbu uchrashuv oldidan mazkur jamoalarning o‘zaro o‘yinlari statistikasini e’tiboringizga havola etamiz.

O‘zbekiston chempionatlari tarixida ushbu jamoalar o‘zaro 37 marotaba kuch sinashgan. O‘tkazilgan o‘yinlarning 21 tasida «Bunyodkor» g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Navbahor» 9 ta o‘yinda zafar quchgan. Yettita uchrashuv durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 67:38, «qaldirg‘ochlar» foydasiga. O‘zaro o‘yinlarda «Bunyodkor» 70 ochko, «Navbahor» esa 34 ochkoni qo‘lga kiritgan.
Ushbu klublarning o‘zaro bellashuvlaridagi eng yirik hisob 2009 yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan bahsda «Bunyodkor» 6:0 hisobida g‘olib bo‘lgan.
Mazkur jamoalar ishtirokidagi Namanganda bo‘lib o‘tgan 18 ta o‘yinning 8 tasida mezbonlar, 7 tasida esa mehmonlarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, uchta uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan. Shuni ta’kidlash lozimki, «Bunyodkor» 2019 yildan beri Namanganda o‘tayotgan uchrashuvlarda g‘alaba qozona olmayapti.
Eslatib o‘tamiz, «Navbahor» – «Bunyodkor» uchrashuvi bugun, 19 avgust kuni «Markaziy» stadionida soat 19:30 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA