Paxtachilik: zamonaviy agrotexnologiya – hosildorlik garovi
Toshkent viloyati Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on tumanlarida paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda ilmiy yondashuvni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida tashkil etilgan tadbirda fermerlar, agronomlar, tumanlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, olimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Unda "Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 ta qonuni" asosida g‘o‘za parvarishining bugungi mas’uliyatli bosqichida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar haqida so‘z yuritildi. Sug‘orish va oziqlantirish tizimini to‘g‘ri tashkil etish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish, shuningdek, har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va sifatli bajarish orqali hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan har bir dala sharoitidan kelib chiqib agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, suv va mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish, g‘o‘za rivojlanish bosqichlariga mos parvarish ishlarini olib borish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar berildi. Shuningdek, mikroplastik ifloslanish, uning tuproq unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siri, antibiotiklarga chidamlilik muammosi hamda g‘o‘za yetishtirishda kremniy o‘g‘itlarini qo‘llash bo‘yicha mahalliy olimlarning yangi ilmiy ishlanmalari ishtirokchilarga taqdim etildi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri dala ishlarini belgilangan muddatlarda, sifatli va ilmiy yondashuv asosida tashkil etish, ilg‘or tajribalarni keng joriy etish hamda har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida amalga oshirish mo‘l va sifatli hosil yetishtirishning eng muhim sharti ekanini ta’kidladi. Yakunda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olib, ilmiy tavsiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha fikr almashdi.

Umuman olganda, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning eng muhim omillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Joylarda bo‘lib o‘tayotgan bu kabi amaliy muloqotlar fermerlarga o‘z bilim va tajribasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Abdulaziz Musayev, O‘zA