Paxta qabul qilish maskani ochildi
Buxoro viloyatidagi “WBM Romitex” korxonasiga qarashli Shofirkon paxta qabul qilish maskani foydalanishga topshirildi.
Tumanning “Boboato” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 5 gektar yer maydoniga ega mazkur maskan bir yo‘la 12 ming tonna paxtani qabul qila oladi.

Yangi tashkil etilgan maskanda paxta xomashyosini tushiruvchi mexanizmlar, g‘aram maydonlari, suv saqlash hovuzlarining holati, 1-kategoriyali yopqichlar bilan ta’minlanishi hamda elektr yoritgichlar va yong‘in xavfsizligi jihozlarining ishchi holatda ekanligi nazoratga olinib, punkt paxta qabul qilishga shay holatga keltirilgan.

Agroinspeksiya tuman bo‘limi nazorati ostida mavjud paxta qabul qilish maskanidagi laboratoriya o‘lchov vositalari va avtomobil tarozilari o‘rnatilgan. Davlat qiyoslovidan o‘tkazilib, tegishli qiyoslov sertifikati berilgan. Shuningdek, 2023 yil paxta hosilini qabul qilish davrida asossiz chegirmalar qo‘llanilishining oldini olish maqsadida fermer xo‘jaliklari va klasterlar o‘rtasida paxta xom ashyosi laboratoriya tahlillarining shaffofligi bo‘yicha doimiy nazoratni olib boriladi.

Ochilish marosimida tuman hokimi Alisher Fayzulloyev, hokim o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jalik xodimlari, hudud, otryad rahbarlari hamda fermer xo‘jalik rahbarlari qatnashdi.
Yig‘ilganlar maskanda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Maskanga birinchi paxta karvoni qabul qilindi.
Mehmonlar uchun dasturxon yozilib, osh tarqatildi. Yurtimiz tinchligi, ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotganlar hamda "oq oltin" xirmonining yaratilishida fidokorona mehnat qilayotgan dehqonlarimizning yuzi yorug‘ bo‘lishini tilab duoga qo‘l ochildi.

Tadbirda “Muhabbat Mironshoh” fermer xo‘jaligi paxta rejasini bajarganligi munosabati bilan yosh dehqon Mironshoh Obloberdiyevning mehnati e’tirof etildi. U tuman hokimining esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun: “WBM Romitex” paxta-to‘qimachilik klasteri va Shofirkondagi 67 ta fermer xo‘jaligi o‘rtasida 6 ming 842 tonna “oq oltin” yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri