Partiya va muzey o‘rtasida memorandum imzolandi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati partiya tashkiloti va Buxoro davlat qo‘riqxonasi Ark o‘lkashunoslik muzeyi hamkorligida “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni”ga bag‘ishlab ko‘rgazmali davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda partiya faollari, Buxoro Davlat universiteti talabalari, sayyohlar qatnashdi.
Davra suhbatida Ark o‘lkashunoslik muzey filiali xodimlari tomonidan viloyatda turizmni rivojlantirish istiqbollari haqida fikr bildirildi. So‘ngra “Butunjahon yovvoyi tabiat kuni” ning ahamiyati to‘g‘risida partiya xodimlari sayyohlar va yoshlarga ma’lumot berib o‘tdi.

Tadbir doirasida yoshlar uchun ekskursiya tashkil etildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Ark qo‘rg‘oni hududida gullar ekildi.



– Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekologik muammolarni hal etish va atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga hamda madaniy merosni asrash va undan oqilona foydalanishga qaratilgan kompleks chora-tadbilarni amalga oshirishda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati partiya tashkilotining roli va o‘rnini oshirish hamda Ark o‘lkashunoslik muzeyiga sayyohlar va keng jamoatchilikni jalb etish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati partiya tashkiloti raisi Jahongir Sharipov. – Ark o‘lkashunoslik muzeyida O‘zbekiston Ekologik partiyasi burchagining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Endilikda muzeyga kelgan barcha sayyohlar O‘zbekiston Ekologik partiyasi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Tadbir so‘ngida faollarga tashakkurnomalar berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA