Partiya faoliyati tahlil qilindi va yangi vazifalar belgilab olindi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi hamda tuman va shahar kengashlarining 3-qo‘shma Plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning 2025-yildagi faoliyati yakunlari, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda 2026-yil uchun ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan partiya viloyat kengashi raisi Rajabboy Hasanov partiya Markaziy Kengashi Plenumida belgilangan vazifalarga to‘xtalib, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar va mavjud kamchiliklar xususida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, kelgusi rejalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda partiya a’zolari soni 70 603 nafarga yetgan. Hisobot davrida partiya g‘oya va maqsadlarini targ‘ib etish maqsadida 1 524 ta, tarafdorlar sonini oshirish uchun esa 1 394 ta turli uchrashuv, davra suhbati va tadbirlar tashkil etildi. Jami 2 918 ta tadbir o‘tkazilib, ular orqali 54 989 nafar aholi qamrab olindi.
Shuningdek, yil davomida 209 ta seminar, davra suhbati va uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda 4 875 nafar ishtirokchi qatnashdi. “Uyma-uy” loyihasi doirasida deputatlik guruhlari bilan hamkorlikda 1 967 ta xonadonga tashrif buyurilib, aniqlangan 1 104 ta muammo tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy hal etildi.

Plenumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Muhammedov ishtirok etib, partiya faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
“Xizmat — beminnat” loyihasi doirasida yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 61 ta yo‘nalishda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, aniq fanlar bo‘yicha 43 ta o‘quv kurslari tashkil etilib, ularga 168 nafar yosh jalb qilindi.
Shu bilan birga, Prezident qaror va farmoyishlari hamda davlat dasturlari ijrosi doirasida partiya faollarining ishlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi.

Plenum davomida so‘zga chiqqanlar partiyaviy loyihalar samaradorligini oshirish, aholi muammolarini hal etishda ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish, shuningdek, boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada jonlantirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA