Partiya eng faol jurnalistlarni taqdirladi
Guliston shahrida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan eng faol jurnalistlar taqdirlandi.
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Guliston shahrida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan eng faol jurnalistlar taqdirlandi.
Tadbirda OʻzMTDP apparati rahbar va faollari, respublika markaziy hamda mahalliy bosma va elektron nashrlar vakillari, viloyat teleradiokompaniyasi xodimlari ishtirok etdi.
Partiya viloyat kengashining raisi Norbobo Soatov yigʻilganlarga jamiyat va partiya hayotida ommaviy axborot vositalarining roli, mamlakatimizdagi koʻppartiyaviylik va ularning bir-birlari bilan muxolifotda ish yuritishi demokratik jamiyatning asosiy tamoyillari hamda partiya dasturidagi amalga oshirilayotgan ishlar xususida qisqacha axborot berdi.
– Sizlarning ijodlaringiz taʼsiri atom bombasidan ham kuchliroqdir, — dedi N.Soatov. — Biz sizlarning mashaqqatli mehnatingizni qadrlaymiz. Milliy qadriyatlarimizni yoshlarga yetkazish, tiklash va davom ettirishdek ezgu ishda biz bilan yelkama-yelka, kerak boʻlsa, bizdan ham koʻproq mehnat qilayotganingiz uchun chin dildan minnatdorlik bildiramiz.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni, partiya dasturiy maqsadlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishda jonbozlik koʻrsatgan bir guruh jurnalist va blogerlarga partiya viloyat kengashining “Minnatdorchilik noma”si hamda esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.
Ommaviy axborot vositalari nomidan soʻzga chiqqan jurnalistlar partiya va matbuot oʻrtasidagi uzviy hamkorlik bundan keyin ham izchil davom etishini taʼkidladi.
Dilobar KATTABEKOVA,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi matuot kotibi