Partiya a’zolari ko‘paymoqda
Shu kunlarda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDePning quyi bo‘g‘inlarida navbatdagi hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Buxoro shahridagi “Poykent Bukhara” mehmonxonasida tashkil etildi.
Ma’lumki, Buxoro viloyati turizm salohiyatini yuksaltirishda hududda faoliyat yuritayotgan mehmonxonalar alohida ahamiyat kasb etadi. Xalqimizning azaliy mehmondo‘stligi ana shu maskanlarda mahalliy va xorijiy sayyohlarga ko‘rsatilayotgan yuksak servis orqali yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
“Poykent Bukhara” mehmonxonalar tarmog‘i bugungi kunda “Yetti pir” ziyoratgohlaridan Xoja Anjir Fag‘naviy, Xoja Orif Revgariy, Sayyid Mir Kulol qadamjolari hamda Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasi yaqinida joylashgan zamonaviy ob’ektlari bilan sayyohlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu mehmonxonada bir vaqtning o‘zida 250 nafarga yaqin sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud.

Mehmonxonada 50 nafardan ortiq xodimning doimiy bandligi ta’minlangan bo‘lib, ularning 25 nafari O‘zLiDePning dasturiy g‘oya va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlab, boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zosi sifatida faol ishtirok etib kelmoqda. Tashkilot yetakchisi Rustam Ahmedov rahbarligida partiya tayanch bo‘g‘ini zimmasiga yuklatilgan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.
So‘zga chiqqan ishtirokchilar tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar. Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Davlat dasturidan kelib chiqqan holda boshlang‘ich partiya tashkilotining 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

–Buxoro shahrida bugungi kunda O‘zLiDePning 105 ta quyi bo‘g‘ini faoliyat olib bormoqda, -deydi partiyaning viloyat Kengashi mas’ul xodimi Nargiza Xalilova. –Hisobot-saylov yig‘ilishlari deyarli yakuniga yetdi. “Poykent Bukhara” mehmonxonasida o‘tkazilgan tadbir ham yuqori saviyasi bilan ajralib turdi. E’tiborli jihati shundaki, muassasa xodimlaridan yana 10 nafari partiya a’zoligiga kirish istagini bildirdi. Bu esa hududda turizmni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqish va partiya g‘oyalariga ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.
Yig‘ilishda O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi ham taqdim etildi. Unda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosati, jumladan, kambag‘allikka qarshi kurashish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va inson qadrini ulug‘lash kabi ustuvor yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan.
Zarif Komilov, O‘zA