Parrandachilik: xazinaning siri nimada?
Parrandachilik yetti xazinaga qiyoslanadi.
Parrandachilik yetti xazinaga qiyoslanadi. Bu bejiz emas. Chunki u nafaqat oziq-ovqat, balki sanoat va qishloq xoʻjaligi tarmoqlari uchun foydali jihatlari bilan ham ajralib turadi.
Shu bois yurtimizda mazkur sohani rivojlantirish, sohada zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni hayotga tatbiq etish, eksport salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 13-noyabrdagi “Parrandachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojida va mavjud muammolarni bartaraf etishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Ilk qadam quvonchlari
Fargʻona viloyatida parrandachilik yoʻnalishida tuxum yetishtirish, ozuqa bazasi, laboratoriya va inkubatoriyalar tashkil etish, tovuq boqish, soʻyish, boʻlaklarga ajratish sexlari, qadoqlash va eksportgacha boʻlgan barcha jarayonlarni umumlashtirgan klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yangi loyiha va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish borasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi innovatsion gʻoya va texnologiyalarni jalb etish maqsadida parrandachilik rivojlangan davlatlarning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilayotir.

Ayni paytda viloyatda parrandachilik yoʻnalishida 85 ta fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida mazkur yoʻnalishda 10 ta istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Natijada parrandalar bosh soni 404 ming boshga koʻpaydi, 170 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
– Parrandachilik korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratilib, 2021-yilning 1-noyabriga qadar import qilinayotgan ozuqa komponentlari, asbob-uskuna va jihozlar bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan, – deydi Beshariq tumanidagi “Vodiy naslli parranda” xususiy korxonasi tasarrufida tashkil etilgan parrandachilik klasteri rahbari Bohirjon Turdaliyev. – Tarmoq faoliyati uchun muhim boʻlgan ozuqa bazasini yaratish maqsadida 500 gektar yer maydoni ajratib berildi. Bu importni kamaytirish va eksport hajmini oshirishda alohida ahamiyatga ega. Chunki ozuqa bazasi avvallari asosan sotib olingan boʻlsa, endilikda oʻzimiz yetishtirish imkoniyatiga ega boʻldik. Yuqori quvvat va toʻyimli ozuqalar parrandalarning sogʻlom va mahsuldor boʻlishida asosiy omil hisoblanadi. Bu yil bugʻdoy va makka donidan tashqari mosh ekish boʻyicha tajribalarni amaliyotga joriy etganmiz. Shu maqsadda yangi texnikalar xarid qildik, ekin maydonlari meliorativ holatini yaxshilash, hosildorlik miqdorini oshirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Ayni jarayonda eronlik hamkorlar bilan tovuq chiqindisini qayta ishlash bilan bogʻliq zamonaviy uskunalarni olib kelish borasida muzokaralar olib boryapmiz. Shu kunga qadar korxonada joʻja va parranda boqish, tuxum joylashtirish uchun karton qutilar tayyorlash singari 6 ta sex faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Darhaqiqat, soha rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport miqdorini koʻpaytirish imkonini berayotir. Klaster tizimiga oʻtilganidan soʻng xalqaro sifat kafolatini taʼminlash, ichki va tashqi bozorda korxona brendini yaratish maqsadida Gollandiyadan markirovka jihozlari, Germaniyadan 160 ming bosh parranda boqishga ixtisoslashgan zamonaviy texnologiyalar olinib, ishga tushirildi.
Istiqbolli loyihalar
Parrandachilik serdaromad soha. Yaratilgan imtiyoz va imkoniyat koʻlamlaridan samarali foydalanish, ishlab chiqarishga yangi texnika texnologiyalarni joriy etish bugunning muhim vazifalaridan.

– Istiqboldagi rejaga koʻra, 2020-2021-yillarda 33 ta loyiha amaliyotga joriy etiladi. – deydi viloyat hududiy “Chorvanasl” markazi direktori Ilhomjon Isoqov. – Bu parrandalar bosh sonini 5 million 231 boshga yetkazish, 918 milliondan ortiq tuxum va 5 ming 230 tonna parranda goʻshti ishlab chiqarish imkonini beradi. Ushbu maqsadlar uchun 110 milliard 989 million soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan. Shuningdek, naslchilik ishlarini yaxshilash maqsadida "Parrandasanoat” uyushmasiga aʼzo boʻlgan xoʻjaliklarga davlat tomonidan subsidiya ajratilayotgani ham tuxum va parhez goʻsht mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, sifatini yaxshilash imkonini beradi.
Sirasini aytganda, soha rivoji yoʻlida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar parrandachilik tizimini yana-da taraqqiy ettirish orqali kafolatli ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.