Parrandachilik rivoji muhokama qilindi
Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Sirdaryo meliorativ ekspeditsiyasida parrandachilik va o‘rdakchilik sohasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, mahalliy yordamchi xo‘jaliklarda amalga oshirilayotgan ishlar, suv xo‘jaligi ob’ektlaridagi faoliyat hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Seminarda Quyi Sirdaryo ITHB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari G‘ulom Sulaymonov ishtirok etdi. U muhokama qilingan masalalar yuzasidan fikr bildirib, yosh kadrlarning ma’naviy va kasbiy saviyasini oshirish, jamoada hamjihatlik muhitini kuchaytirish, turli sport va ijtimoiy tadbirlarni yo‘lga qo‘yish hamda nazariyani amaliyot bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi.

– Ekspeditsiyaga qarashli kollektor-drenaj tarmoqlari bo‘ylab yordamchi xo‘jaliklar tashkil etilgan va parrandachilik hamda o‘rdakchilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Jasurbek Muxtorov. – Bu ishchi-xodimlar oilalari va ichki bozorni oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, qo‘shimcha daromad manbai sifatida ham muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda meliorativ ekspeditsiya hamda yordamchi xo‘jaliklar tarkibida 21 bosh qoramol, 124 bosh qo‘y, 2 mingdan ortiq parranda va o‘rdak parvarishlanmoqda. Ular sonini oshirish va faoliyatni kengaytirish seminarning asosiy mavzusi bo‘lib, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan manzarali va mevali ko‘chatlarni parvarishlash, yangi mavsum uchun ko‘chat tayyorlash hamda to‘qsonbostidagi ekinlar o‘rniga ro‘zg‘orbop ekin turlarini ekish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilandi. Shuningdek, nasos stansiyalariga qarashli yordamchi xo‘jaliklarda sabzavot yetishtirish, yer unumdorligini oshirish va ekilgan mevali daraxtlar hosildorligini ta’minlash tadbirlarini samarali tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri