Parlamentlararo va partiyalararo muloqot davlatlar taraqqiyotiga xizmat qiladi
Samarqandda “Markaziy Osiyo – Xitoy mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishida siyosiy partiyalarning o‘rni” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
“Markaziy Osiyo – Xitoy” siyosiy partiyalari muloqoti doirasida ilk bor Xitoy Xalq Respublikasidan tashqarida – O‘zbekistonda o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning yetakchi siyosiy partiyalari rahbarlari hamda vakillari, Xitoy Kommunistik partiyasi delegatsiyasi, parlament a’zolari, diplomatlar va ekspert-tahliliy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahim Hakimov, Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi xalqaro bo‘limi boshlig‘i Lyu Syansin, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Aktam Hayitov hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston parlamentlari va siyosiy partiyalari vakillari so‘nggi yillarda “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati strategik ishonch va ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim platformasiga aylanib borayotganini ta’kidladi. Siyosiy partiyalar yetakchilarining Samarqand konferensiyasi partiyalararo muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, davlatlararo kelishuvlarni siyosiy partiyalar va parlamentlar darajasida qo‘llab-quvvatlash hamda ularni aniq iqtisodiy va ijtimoiy natijalarga yo‘naltirishga xizmat qilishini qayd etdi.

– O‘zbekiston uchun Xitoy Xalq Respublikasi bilan munosabatlar strategik ahamiyatga ega, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahim Hakimov. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va XXR Raisi Si Szinpinning sa’y-harakatlari tufayli ikki davlat munosabatlari yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikning yuksak darajasiga ko‘tarildi. Strategik sheriklik samarasi, eng avvalo, yangi ish o‘rinlari yaratish, biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish, hududlarni rivojlantirish va yosh avlodga istiqbollar yaratish bilan belgilanadi. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim maqsadi yuqori darajadagi siyosiy kelishuvlarni aholi hayotidagi aniq iqtisodiy va ijtimoiy natijalarga aylantirishdan iboratligini yana bir bor namoyon etadi.

– Bugungi nufuzli xalqaro konferensiyani yuksak saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildiraman, – dedi XXR Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi xalqaro bo‘limi mudiri Lyu Syansin. – Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib bormoqda va bunda, albatta, O‘zbekistonning muhim tashabbuslari, munosib hissasi bor. Shu nuqtayi nazardan, “Markaziy Osiyo – Xitoy” partiyalararo muloqotining ilk bor Xitoydan tashqarida, ya’ni O‘zbekistonda, go‘zal Samarqandda o‘tkazilishi bejiz emas.

Anjumanda dunyoda geosiyosiy qarama-qarshiliklar, iqtisodiy beqarorlik kuchayayotgan bir davrda mintaqada o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash barqarorlikning muhim omiliga aylanayotgani ta’kidlandi. Xitoy va Markaziy Osiyo hamkorligining siyosiy, iqtisodiy, transport, texnologik va gumanitar yo‘nalishlarda o‘zaro uyg‘un rivojlanishi esa mintaqada yangi imkoniyatlar makonini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilarning fikricha, zamonaviy sharoitda partiyalararo diplomatiya mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, jamiyatlararo muloqotni kengaytirish va ilg‘or tajribani o‘rganishning muhim vositasidir. Siyosiy partiyalar turli ijtimoiy qatlamlar manfaatlarini ifoda etgan holda, islohotlarning ijtimoiy ahamiyatini tushuntirish va qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.
Parlamentlararo hamkorlik erishilgan davlatlararo kelishuvlarning barqaror huquqiy asosini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi. Shu bois qonun ijodkorligi, davlat va mahalliy boshqaruv, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida qonunchilik tajribasini muntazam almashish muhimligi ta’kidlandi.

– Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiy, investitsiyaviy, savdo, transport-logistika sohalarini rivojlantirishdan umumiy manfaatdor va bugun bu yo‘nalishda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichda taraqqiy etmoqda, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisi deputati Aydos Sarim. – Bu borada Xitoy mintaqaning eng yaqin hamkori hisoblanadi. Partiyalararo, parlamentlararo muloqot esa davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish, qonunlar qabul qilishda hamkorlikning turli yo‘nalishlarini hisobga olish va muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiyada ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar nafaqat fikr almashish maydoni bo‘lib qolishi, balki "Markaziy Osiyo – Xitoy" formatidagi aniq iqtisodiy va ijtimoiy loyihalarni qonunchilik jihatidan qo‘llab-quvvatlash vositasiga aylanishi ham lozim. Xususan, investitsiyalar uchun qulay huquqiy muhit yaratish, savdo va elektron tijoratni rivojlantirish, standartlar hamda sertifikatlash tizimlarini takomillashtirishda parlamentlar muhim o‘rin tutishi zarur.
Bu borada "Markaziy Osiyo – Xitoy" mexanizmi tobora mustahkamlanib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyodagi chuqur transformatsiya jarayonlari hamda Xitoyning qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga va "Bir makon, bir yo‘l" global konsepsiyasini ilgari surishga qat’iy sodiqligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda.

– Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika sohalaridagi hamkorlik munosabatlarida "O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy" temir yo‘li qurilishi juda katta tarixiy voqeadir, – deydi "Xitoy – Markaziy Osiyo" mexanizmi bosh kotibi Sun Veydun. – Bu mintaqadagi barcha mamlakatlarning umumiy manfaatiga xizmat qiladi va strategik sohalar rivojini yangi bosqichga olib chiqadi. Bundan tashqari, mintaqada yashil energetikani birgalikda rivojlantirishdan ham manfaatdormiz va bu boradagi aloqalar yildan yilga kengayib borayotgani quvonarli. Parlament, jamoatchilik va xalq diplomatiyasining rivojlanishi mamlakatlarimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim vositalardan biridir. Mazkur konferensiya esa partiyalararo muloqot va o‘zaro do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishiga ishonaman.
Tadbirda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosiy partiyalari o‘rtasidagi muloqotni muntazam davom ettirish, parlamentlar va ularning qo‘mitalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish hamda amaliy tashabbuslarni ilgari surish muhimligi qayd etildi. Ishtirokchilar siyosiy partiyalar va parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud kelishuvlarning ijtimoiy ahamiyatini kuchaytirish va mintaqaning tinchligi, barqarorligi hamda farovonligiga xizmat qiladigan amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ilgari surdilar.
G‘olib Hasanov,
O‘zA muxbiri