Parkentda bir kun
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!”
O‘lkamizga bor go‘zalligi bilan kirib kelgan bahor faslining ham teng yarmi ortda qoldi. Kunlar kunlarni shu qadar shiddat bilan quvalab o‘tib bormoqda-ki, nazar tashlashga, hisob qilishga ulgurmaysiz. Shuni aytsalar kerak-da, o‘tkinchi dunyo deb.

Bahor faslida har bir viloyatda o‘ziga xos dam olish maskanlari odamlar bilan gavjum bo‘ladi. Jumladan, Toshkent viloyatining Parkent tumani qir-adirliklari ham bundan mustasno emas. Dam olish kunlar ana shu maskanlar shaharliklar bilan yanada fayzli bo‘lishi esa bor gap. Bugun ichki turizmni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijasida yurtimizning har bir go‘shasi, ayniqsa, Toshkent viloyatining Parkent tumani haqiqiy dam olish va salomatlik markaziga aylanib bormoqda.

Yakshanba kuni shahar shovqinidan biroz bo‘lsa-da, xoli bo‘lish maqsadida opa-singillar, jigarlar bilan Parkent adirliklari tomon yo‘lga tushdik. Manzil tomon ketyapmizu, yo‘lning ikki yoqasi bo‘ylab qurilgan tandirlardan uzilayotgan somsalarga navbat kattaligi bizni hayratga soldi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Turizm – bu nafaqat daromad manbai, balki xalqimizning madaniyati, mehmondo‘stligini dunyoga ko‘rsatadigan eng katta imkoniyatdir”. Shu bilan birga turizm nafaqat sayohat, balki milliy qadriyatlarimiz va iqtisodiy yuksalishimizning ajralmas qismiga aylanmoqda. Parkent adirlaridagi gavjumlik esa ichki turizmning naqadar jonlanganidan dalolat beradi.

Parkent tumanining So‘qoq qishlog‘idagi “Sayohat” sihatgohida qo‘nim topdik. Haqiqatdan juda go‘zal maskan. Yuqoridan butun manzara kaftdek ko‘rinib turibdi. Esayotgan shabada kishi dilini ravshan etib tanaga huzur baxsh etadi. Uzoq-uzoqlarda tok novdalariga mehr berayotgan Parkentning mehnatkash ahlini ko‘rib, bu yerda yaqin orada yanada go‘zal manzaralar – hosildor tokzorlar dunyoga kelishini his qilasiz.
Maskanda dam oluvchilar uchun barcha sharoit mavjud. Bir tomonda shirin suhbat qurayotgan yaqinlar, do‘stlar, bir tomonda butun borliqni o‘ziga qaratib shovqin ko‘tarib yugurgilagan bolajonlar, ko‘kdagi turli shakldagi varraklarga havas bilan boqayotgan keksa otaxonlar va onaxonlar. O‘zbegimning kishi tanasiga quvvat bo‘luvchi bahoriy milliy taomlari dam oluvchilarga muntazir. Keluvchilarning aksariyatida mador, ko‘k somsaga ishtiyoqi balandligini tandir atrofidagi gavjumlikdan ham bilsa bo‘ladi.

– Bu yerda ancha yildan beri faoliyat yuritaman. Har yili bahor kelishi bilan dam oluvchilar soni ortadi. Asosan, shanba va yakshanba kunlari dam oluvchilar ko‘payadi. Ikkita tandirda peshma-pesh to‘rt yuzdan ziyod somsa yopamiz. O‘zlari bilan uyga olib ketuvchilar ko‘paygan paytda esa undan ham ziyod somsa yopiladi, – deydi somsapaz Sherzod Xolmatov.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan Toshkent viloyatining tog‘li hududlari, xususan, Parkent tumani “Turizm halqasi”ga aylantirilmoqda. So‘qoqdagi har bir tandirdan uzilayotgan xushbo‘y somsa va “Sayohat” kabi maskanlar bugungi kunda xizmatlar sohasini rivojlantirishning yorqin namunasidir. Bu esa o‘z navbatida qishloq aholisi uchun yangi ish o‘rinlari demakdir.
Davlatimiz rahbarining “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyasi negizida xalqimizning sifatli hordiq chiqarishi va salomatligini tiklash yotadi. “Sayohat” sanatoriysidagi zamonaviy muolajalar yurtdoshlarimizning uzoq va mazmunli umr ko‘rishlariga xizmat qilmoqda. “Sayohat” sanatoriysi asosan dam olish va sog‘lomlashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda 74 o‘rinli yotoqxona zamon talabi asosida jihozlangan.
Parkentning go‘zal manzarasi, odamlar chehrasidagi shodonlik va ko‘tarinki kayfiyat – bugungi tinch va osuda hayotimizning mevasidir. Prezidentimizning “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” da’vatiga labbay deb javob berayotgan yurtdoshlarimizning quvonchida yangi O‘zbekistonning bahoriy nafasi sezilib turadi.
Parkentning yashil tepaliklarida nafas olar ekansiz, shunday dorilamon kunlarning qadriga yetish va shukronalik hissi bilan yashash har birimizning burchimiz ekanligini ko‘ngilga tuydik.
Asror Sulaymonov, O‘zA