Paraosiyo o‘yinlarida navbatdagi rekordlar va medallar shodasi!
Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tayotgan V Paraosiyo o‘yinlarining 21-oktabr kungi dasturi ham O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari uchun sermahsul bo‘ldi. Kun davomida parasportchilarimiz medallar shodasi bilan bir qatorda, jahon va qit’a hamda Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini yangiladi.
Para yengil atletika bahslarida vakillarimiz bir necha bor shohsupaga ko‘tarildi.
Jumladan, T36 klassida 400 metrga yugurishda Doston Qahhorov 54,42 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. F41 klassida yadro uloqtirishda Boburjon Omonov 13,07 metr, F37 klassida disk uloqtirishda Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev 57,39 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Kumush medallarga F56/57 klassida disk uloqtirishda 25,12 metr natija ko‘rsatgan Mohigul Sharobiddinova hamda T37 klassida uzunlikka sakrashda 4,39 metr natija qayd etgan Sabina Suxanova sazovor bo‘ldi.
Bronza medallarini T13 klassida uzunlikka sakrashda 6,24 metr natija ko‘rsatgan Botir Muhammedov, T64 klassida balandlikka sakrashda 1,86 metr natija qayd etgan Temurbek G‘iyosov, T37 klassida uzunlikka sakrashda 4,12 metrga sakragan Shahina Azimova va T11 klassida 100 metrga yugurishda 12,73 soniya natija ko‘rsatgan Asila Mirzayorova qo‘lga kiritdi.

Para pauerlifting bahslarida O‘zbekiston vakillari 3 ta oltin va 1 ta bronza medalni jamg‘ardi. Erkaklar o‘rtasida 80 kilogramm vazn toifasida bellashgan Bekzod Jamilov 229 kilogramm natija bilan g‘olib bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida 67 kilogramm vazn toifasida Ruxshona O‘ktamova oltin medalga sazovor bo‘ldi.
73 kilogramm vazn toifasida Ro‘za Qo‘ziyeva 152 kilogramm natija bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Ushbu vazn toifasida ishtirok etgan Qudratoy Toshpo‘latova esa 130 kilogramm natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Para suzish musobaqalarida S13 klassida 100 metrga chalqancha usulda suzish bo‘yicha ayollar o‘rtasida Muslima Odilova 1 daqiqa 12,99 soniya natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida shu masofada Yegor Bolotov 58,43 soniya natija bilan g‘oliblikni tantana qildi.
S9 klassida 400 metrga erkin usulda suzishda Dias Mirmanov 4 daqiqa 32,18 soniya natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Paravelosportning shosse yo‘nalishida T1–2 klassidagi vaqt poygasida Marjona Pardaboyeva 25 daqiqa 58,04 soniya natija bilan oltin medalga erishdi. Shu yo‘nalishda Odila Hamdamova kumush, Jahongir Xalilov esa bronza medal bilan taqdirlandi.

B klassidagi tandem vaqt poygasida Robiyaxon Toshpo‘latova pilot-sportchi Olga Zabelinskaya bilan birgalikda kumush medalni qo‘lga kiritdi. C1–C5 klassidagi vaqt poygasida Bunyod Hayitmahammadov ham marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Para dzyudo bahslarida Dovurjon Karomatov J2 klassida -95 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu klassda +70 kilogramm vaznda Mohinur Parmonova kumush, Habiba Jo‘rayeva esa bronza medalga sazovor bo‘ldi.
J1 klassida +95 kilogramm vazn toifasida bellashgan Islomjon To‘xtaboyev kumush medalni qo‘lga kiritdi. +70 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Feruza Ergasheva esa musobaqani bronza medal bilan yakunladi.
Para taekvondo bahslarida ayollar o‘rtasida +65 kilogramm vazn toifasida Guljanoy Naimova oltin medalga sazovor bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida +80 kilogramm vazn toifasida bellashgan Umarjon Mo‘ydinov kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Bronza medallarga ayollar o‘rtasida +65 kilogramm vazn toifasida Karomat Qosimova, erkaklar o‘rtasida -80 kilogramm vazn toifasida Otabek Amatov hamda +80 kilogramm vazn toifasida Asadbek Toshtemirov ega chiqdi.
Bugungi bahslar O‘zbekiston vakillari uchun rekordlarga boy bo‘ldi. Xususan, para pauerlifting bo‘yicha ayollar o‘rtasida 73 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Ro‘za Qo‘ziyeva 152 kilogramm natija bilan jahon rekordini o‘rnatdi. Para suzishda Yegor Bolotov 58,43 soniya natija bilan Osiyo rekordini yangiladi.
Shuningdek, para yengil atletikada Doston Qahhorov 400 metrga yugurishda 54,42 soniya, Boburjon Omonov yadro uloqtirishda 13,07 metr va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev disk uloqtirishda 57,39 metr natija bilan Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini o‘rnatdi.
Shu tariqa, V Paraosiyo o‘yinlarining bugungi kungi bahslaridan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi 29 ta oltin, 30 ta kumush va 30 ta bronza, jami 89 ta medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Musobaqa jadvalida Xitoy 226 ta medal (107 ta oltin, 62 ta kumush, 57 ta bronza) bilan peshqadamlik qilmoqda. Yaponiya delegatsiyasi esa 100 ta medal (29 ta oltin, 36 ta kumush, 35 ta bronza) bilan ikkinchi o‘rinni egallagan.
O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya — 46 ta, Hindiston — 62 ta, Tailand — 62 ta, Eron — 58 ta, Qozog‘iston — 37 ta, Indoneziya — 38 ta va Iroq — 12 ta medal bilan qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi «Xanchjou–2022» Paraosiyo o‘yinlarida 79 ta medal (25 ta oltin, 24 ta kumush va 30 ta bronza) bilan umumjamoa hisobida 8-o‘rinni egallagan edi. “Aichi–Nagoya–2026” musobaqalarida esa hamyurtlarimiz ushbu natijadan oshib, Paraosiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi medallar natijasini yangilamoqda. Bellashuvlar hali davom etayotgani va oldinda bir qator bahslar borligini inobatga olsak, delegatsiyamiz jamg‘argan medallar soni yanada ortishi kutilmoqda.

Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA