Para triatlonchilarimiz Yaponiyada sovrindor bo‘ldi
Yaponiyaning Chiba shahrida para triatlon bo‘yicha o‘tkazilgan "Asia Triathlon Para Championship and Para Cup Chiba City" musobaqasida mamlakatimiz vakillari sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Bugun, 12 oktyabr kuni jahon kubogi yo‘llanmasi uchun ochko taqdim etuvchi nufuzli musobaqada mamlakatimiz vakillaridan Baxtiyor Murtazoyev PTS3 yo‘nalishining yakkalik bahslarida 1:08.33 daqiqada marra chizig‘ini bosib o‘tib bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda 01:04:26 va 01:04:48 vaqt oralig‘ida marra chizig‘ini kesib o‘tgan yaponiyalik sportchilarga oltin va kumush medallar nasib etdi.

Osiyo qit’asining 10 dan ortiq davlatidan matonatli sportchilar qatnashgan chempionatda ayollar bahslarining PTS5 yo‘nalishida terma jamoamiz a’zolaridan Shohsanam Sobirjonova 1:28.29 daqiqada marraga yetib kelib, 3-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 1 va 2-o‘rinlar Xitoy(01:15:16) hamda Yaponiya terma jamoasi a’zosiga(01:16:46) tegishli bo‘ldi.
Ertaga, 13 oktyabr kuni "Asia Triathlon Para Championship and Para Cup Chiba City" musobaqasida yosh toifalari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA