Para kamondan otish bo‘yicha ochiq chempionat
Sirdaryo viloyatida para sportni ommalashtirish, jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash hamda hududlar o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirish maqsadida muhim sport tadbiri tashkil etildi. 25-26-aprel kunlari Guliston shahrida para kamondan otish sport turi bo‘yicha Sirdaryo viloyati ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqada nafaqat viloyat sportchilari, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridan jami 43 nafar para sportchi ishtirok etdi. Bellashuvlar davomida ishtirokchilar yuqori aniqlik, mustahkam iroda va yuksak mahorat namoyon etib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Chempionat Sirdaryo viloyat hokimligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi, Milliy gvardiyaning viloyat bo‘yicha boshqarmasi hamda O‘zbekiston kamondan (para kamondan) otish federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Bu esa musobaqaning nafaqat sport, balki ijtimoiy ahamiyatini ham yanada oshirdi.
Ta’kidlash joiz, bunday musobaqalar jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, para sportchilar uchun o‘z salohiyatini namoyon etish, iroda va matonatini sinab ko‘rish imkoniyatini yaratadi.
[gallery-29019]
Musobaqa natijalariga ko‘ra, 70x70 klassik yo‘nalishda erkaklar o‘rtasida Samarqand viloyati vakili Abbos Abdug‘aniyev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasida esa Barchinoy Absalamova birinchi o‘rinni egalladi.
Kompaund yo‘nalish (50 metr) bo‘yicha erkaklar o‘rtasida buxorolik Muhammad Sunnatullayev, ayollar o‘rtasida esa farg‘onalik Mavluda Abdunazarova g‘olib deb topildi.
Yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarda sirdaryolik Zoir Toirov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Madinabonu Abdullayeva g‘oliblikka erishdi. Jamoaviy bahslarda esa Samarqand viloyati jamoasi ustunlikni saqlab qoldi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri