Pandemiya sharoitida FAOning O‘zbekistonga yordami
Hatto iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda ham pandemiya sharoitida ishsizlik va qashshoqlikning o‘sishi jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Agrar sektor ham ushbu salbiy ta’sir doirasidan chetda qolmadi. Garchi O‘zbekistonda hukumat tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli pandemiya qishloq xo‘jaligida jiddiy uzilishlarga sabab bo‘lmagan bo‘lsa ham, xatarlar hanuzgacha mavjud. Bu esa qishloq aholisining daromadiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.
Ma’lumki, qashshoqlikni kamaytirish 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlarining eng birinchisi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Global Ekologik jamg‘arma (GEF) ko‘magida amalga oshirilayotgan "Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish" loyihasi ham ushbu maqsadga erishishga qaratilgan.

Ta’kidlash joiz, loyiha doirasida 2020 yil iyun oyida Buxoro tumanidagi tomorqa xo‘jaliklariga 30 ming dona pomidor, karam va bulg‘or qalampiri ko‘chatlari, iyul oyida esa 10 tonnadan ortiq azotli va fosforli o‘g‘itlar beg‘araz yetkazib berildi. Bu pandemiya davrida tumanda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tomorqa yer egalari uchun sezilarli yordam bo‘ldi.
– Aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, global oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarining barqarorligini ta’minlash va oziq-ovqat tizimida pandemiya oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar ushbu murakkab davrda oziq-ovqat inqirozining oldini olishga yordam beradi, – deydi loyiha milliy koordinatori Muhammadjon Qosimov.

Buxoro tumani hokimligi va viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ro‘yxatlar shakllantirildi. Ushbu ro‘yxatlar asosida FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘makka muhtoj xonadonlarga 17 ta suv nasosi taqdim etdi.
Loyiha doirasida Buxoro tumaniga tomorqa yerlariga ishlov berish uchun 4 ta motokultivator yetkazib berildi. Suv nasoslari va motokultivatorlarni topshirish marosimida ushbu uskunalar barqaror hosil olishda va yerdan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

– Pandemiya davrida dehqon va tomorqa xo‘jaliklariga ko‘rsatilayotgan beg‘araz yordam uchun minnatdorlik bildiraman va shuni ta’kidlamoqchimanki, Buxoro tumani aholisi bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor, – deydi Buxoro tumani hokimi Qahramon Do‘stov.
FAOning tuman aholisiga beg‘araz yordami shu bilan cheklanmaydi. Yuqorida ta’kidlangan loyiha doirasida issiqxona xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish uchun tumandagi tomorqa xo‘jaliklarida 20 ta issiqxona qurish rejalashtirilgan. Issiqxonalarni yetkazib berish va qurish bo‘yicha chora-tadbirlar allaqachon boshlab yuborilgan.