Palliativ yordam nima va u nega kerak?
Har bir jamiyatning madaniyati, ma’naviy kamoloti va inson qadriga bo‘lgan munosabati uning eng zaif, og‘ir dardga chalingan va hayotining so‘nggi pallasini yashayotgan insonlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi bilan o‘lchanadi. Tibbiyot faqatgina davolashdan iborat emas, balki davosiz dardga chalingan bemorlarning azoblarini yengillashtirish, ularga munosib hayot sifatini taqdim etishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 24-iyunda imzolangan «Aholiga palliativ tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ana shunday olijanob va insonparvar maqsad yo‘lida tashlangan tarixiy qadamdir.
Lotincha «pallium» – yopinchiq, niqob so‘zidan olingan palliativ yordam tushunchasi davolab bo‘lmaydigan og‘ir kasallikka chalingan bemorlar va ularning oila a’zolari hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, psixologik va ma’naviy ko‘mak tizimini anglatadi. Uning bosh tamoyili kasallikdan azob chekayotgan insonni davolash, og‘riqlarni kamaytirish va hayotining oxirgi kunlarini og‘riqlarsiz, yaqinlari qurshovida, tinch o‘tkazishini ta’minlashdir.
Dunyo tajribasida palliativ yordam sog‘liqni saqlash tizimining ajralmas qismi hisoblanadi. Buyuk Britaniya, AQSH va Yevropa davlatlarida xospislar va mobil palliativ guruhlar o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab tizimli ravishda rivojlanib kelmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti palliativ yordamni insonning sog‘liqqa bo‘lgan fundamental huquqlaridan biri deb tan olgan.
Shu paytgacha mamlakatimizda palliativ yordam asosan onkologik shifoxonalar qoshidagi kichik bo‘limlar yoki ayrim xayriya tashkilotlari tomonidan tarqoq holda ko‘rsatib kelinar edi. Tizimli, yagona davlat siyosati darajasidagi tibbiy-ijtimoiy tuzilma mavjud emasdi. Aholi o‘rtasida esa bu boradagi tushuncha ancha sust bo‘lib, ko‘pchilik xospis yoki palliativ yordam deganda umidsizlik maskani yoki bemordan voz kechishni tushunar edi. Vaholanki, palliativ yordam taslim bo‘lish emas, balki bemorning qolgan hayotini sifatli, og‘riqlarsiz va odamiylik shart-sharoitlarida yashab o‘tishiga ko‘maklashishdir. Davosiz dardga chalingan yaqinini uy sharoitida qanday parvarish qilishni bilmay qiynalayotgan minglab oilalar uchun bunday xizmat haqiqiy madadkordir.

Yangi qaror tarqoq va yetarlicha shakllanmagan tizimni tartibga solib, mamlakatda palliativ xizmatning butunlay yangi, insonparvar va raqamlashgan modelini yaratishga xizmat qiladi. Ushbu hujjat bilan 2026-yil 1-oktabrdan boshlab respublikada mobil palliativ brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Ular og‘ir bemorlarning uyiga borib, tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatadi. Dastlab Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida tajriba tariqasida boshlanib, keyinchalik butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladigan ushbu tizim doirasida hududlarda bosqichma-bosqich xospislar tashkil etiladi. E’tiborlisi, endilikda nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ham palliativ yordam ko‘rsatishga ruxsat beriladi va ularning xizmati Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Qarorga muvofiq, 2026-2028-yillarda Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm va Buxoro viloyatlarida jami 200 o‘rinli yangi xospislar barpo etiladi. Xususan, Samarqand viloyatida og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun Bolalar xospis markazi tashkil etilmoqda. Ushbu markaz statsionar va mobil shaklda xizmat ko‘rsatib, bolajonlarga alohida mehr va professional parvarish taqdim etadi. Bemorlarni sarson qilib, qayta-qayta tekshiruvlardan o‘tkazishga chek qo‘yish maqsadida «E-palliative» elektron axborot tizimi ishga tushiriladi va unda qayd etilgan bemorlarga qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlarsiz nogironlik belgilanadi. Bemorlarning ehtiyojidan kelib chiqib, zarur og‘riq qoldiruvchi vositalar reimbursatsiya dasturi asosida ta’minlanadi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan esa uyda yotgan bemorlarga funksional karavot va maxsus matraslar vaucher tizimi asosida bepul taqdim etiladi.
Og‘ir bemorning yaqinlari ham katta ruhiy tushkunlikka tushishini inobatga olib, Toshkent shahar hududlararo xospisi qoshida Oilani qo‘llab-quvvatlash xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda yaqinlarga parvarish qoidalari o‘rgatiladi va ularga psixologik yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, bemorlar va ularning oila a’zolariga ma’naviy tasalli berish maqsadida diniy soha vakillarining tashriflari uyushtiriladi.

Qarorda tizimning rivojlanish bosqichlari aniq ko‘rsatkichlarda belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2030-yilga borib aholining palliativ yordam bilan qamrab olinish darajasi kamida 80 foizga yetkaziladi. Bu, yordamga muhtoj har 10 nafar bemordan kamida 8 nafari beminnat tibbiy g‘amxo‘rlik bilan qamrab olinishini anglatadi.
Mazkur hujjat og‘ir dard bilan kurashayotgan har bir vatandoshimizning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, ularning oilalariga yelkadosh bo‘lish borasidagi davlatning yuksak mas’uliyati va xalqparvarlik siyosatining amaldagi yaqqol ifodasidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA