“O‘zsuvta’minot” AJda “Ochiq eshiklar kuni”
9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatida “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan jamoatchilik vakillari, xalqaro auditorlik tashkiloti ekspertlari, soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilariga sohada korrupsion holatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bugungi kunda Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan 16 ta ichki idoraviy hujjat va tartib-qoidalar qabul qilinib, ularni ijrosini tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun to‘lovlar tizimi to‘liq onlayn shaklga o‘tkazilib, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni raqamlashtirish va “inson omili”ni kamaytirish orqali korrupsion holatlarning oldi olinmoqda.
Jamiyatda korrupsiyaviy holatlarning sodir etilishi yuzasidan xabar berish uchun alohida aloqa kanallari (ishonch telefoni, maxsus Telegram bot, elektron pochta manzili) hamda 24/7 rejimda ishlovchi 1255 yagona “Call-markazi” tashkil etilgan.

Shuningdek, tadbir davomida “CERT INTERNATIONAL” xalqaro tashkiloti rahbari tomonidan “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va uning tizim tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish hamda xizmatlar sifatini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar auditdan o‘tkazildi. Jamiyat va uning 9 ta tashkiloti xalqaro standart talablari asosida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi hamda sifat menejmenti talablariga muvofiq deb topilgani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Jamiyat va uning 9 ta tizim tashkilotiga xalqaro ISO 37001 va ISO 9001 sertifikatlari topshirildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri