Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
Respublika komissiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari hamda huquqlari va majburiyatlari;
Respublika komissiyasi faoliyatini tashkil etish, qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini ta’minlash tartibi belgilab berilgan.
Respublika komissiyasining ishchi organi etib O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilandi.
Respublika komissiyasi ishchi organi:
ichki va tashqi bozor kon’yunkturasini chuqur o‘rganish va tahlil qilish asosida mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlari, jumladan, import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulot turlarini ko‘paytirish;
respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashning istiqbollarini belgilash;
oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy qilish kabi takliflarni Respublika komissiyasiga kiritib boradi.
Mazkur Nizom Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasining maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Respublika komissiyasi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ozik-ovkat max,sulotlari narxlarining barkarorligini ta’minlash, oziq-ovqat balansidagi importga bog‘langan yoki yetishmovchilik xavfi mavjud bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirishni ko‘paytirish, ruxsat etilgan foydalanish turlariga asosan yer uchastkalarida ekin joylashtirish ulushlariga (foizlar) hududlar ixtisosligidan kelib chiqib o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiquvchi hamda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashning istiqbollarini belgilovchi idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
Respublika komissiyasining tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Respublika komissiyasi o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
O‘zA