O‘ziga xos maktab yaratgan olim
Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo institutida akademik Obid Sodiqov tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan “Bioorganik kimyoni rivojlantirishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada 50 dan ortiq, jumladan, Rossiya Federatsiya Fanlar akademiyasining 5 nafar akademigi, Xitoy Fanlar akademiyasi, Janubiy Koreya va boshqa xorijiy ilmiy tashkilotlarning olimlari ishtirok etdi. Anjumanda bioorganik kimyo fanining muhim jihatlari, yangiliklari, ilmiy tadqiqot va loyihalarni amalga oshirish borasida qilinayotgan ishlarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

Ma’lumki, 1973 yili Respublika Fanlar akademiyasi tarkibida Bioorganik kimyo bo‘limi tuzilib, uning asosida 1977 yilda Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tashkil etildi. Institutning asoschisi, dastlabki rahbari O‘rta Osiyoda bioorganik kimyo yo‘nalishining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan olim, akademik Obid Sodiqov edi. O.Sodiqov shu tariqa kimyoda o‘ziga xos maktab yaratgan.
Tadbirda olimning izlanishlarini davom ettirayotgan shogirdlari, do‘stlari uni yodga oldi. Bugungi kunda sohada olib borilayotgan ishlar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Akademik O.Sodiqov buyuk fan va jamoat arbobi, bioorganik kimyo sohasining asoschisi hisoblanadi, – dedi Bioorganik kimyo instituti yetakchi ilmiy xodimi, kimyo fanlari doktori, professor Nodira Abdullajonova. –U institutga rahbarlik qilgan davrlardayoq institutning asosiy ilmiy yo‘nalishlari – hayvon va o‘simlikda hosil bo‘ladigan fiziologik faol birikmalarning tuzilmasi va vazifasini aniqlash, ularning harakatdagi molekula mexanizmlarini tushuntirib berish, xalq xo‘jaligining turli sohalari uchun preparatlar yaratishdan iborat bo‘lgan.

Institutda 1990 yillarning boshiga qadar yangi dori-darmon vositalarini topish maqsadida piridin, xinolizidin alkaloidlari va ularning hosilalari asosida 1000 dan ziyod yangi birikmalar sintez qilindi. Bugun ham institut olimlari tomonidan ushbu tadqiqotlar davom ettirilmoqda. Bundan tashqari Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan g‘o‘zaning oldindan belgilangan xususiyatli biotexnologik yangi turlari va navlarini yaratish va boshqa qator masalalari irsiyat va to‘qima muhandisligi uslublari asosida hal etilgan. G‘o‘zaning kimyoviy jihatdan kompleks tadqiqotlari uchun akademik Obid Sodiqov D.I.Mendeleyev nomidagi oltin medalga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, anjuman davomida xorijlik mutaxassislar bilan bioorganik kimyo sohasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan tajriba almashildi.
N.Rahmonova, O‘zA.