O‘zbekistonning kosmetika va farmatsevtika salohiyati xalqaro maydonda taqdim etildi
Italiyaning Bolonya shahrida 2026-yilning 26-29-mart kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli Cosmoprof Bologna xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston ilk bor milliy stend bilan ishtirok etdi. Ushbu ishtirok Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda “Pharm Service” davlat muassasasi tashabbusi bilan tashkil etildi va mamlakatimiz kosmetika sanoati tarixida muhim voqea bo‘ldi.
“Made in Uzbekistan” milliy stendi orqali yurtimizda ishlab chiqarilayotgan kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari xalqaro auditoriyaga keng taqdim etildi. Xususan, mahalliy “Ozwell”, “Beun Cosmetics” va “Seven Saber” brendlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etib, ularning yuqori sifati va raqobatbardoshligi xorijiy mutaxassislar va biznes vakillari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Ma’lumki, Cosmoprof Bologna go‘zallik industriyasi bo‘yicha dunyodagi eng yirik va nufuzli B2B platformalardan biri hisoblanadi. Har yili mazkur ko‘rgazmada 150 dan ortiq mamlakatlardan ishtirokchilar, 3 mingdan ziyod kompaniya va brendlar hamda 250 mingdan ortiq soha mutaxassislari qatnashadi. Unda ishlab chiqarish va texnologiyalar (Cosmopack), parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari (Cosmo Perfumery & Cosmetics), shuningdek, professional go‘zallik xizmatlari (Cosmo Hair, Nail & Beauty Salon) kabi asosiy yo‘nalishlar qamrab olinadi. Ko‘rgazma global trendlar shakllanadigan, innovatsion mahsulotlar ilk bor taqdim etiladigan hamda xalqaro hamkorlik va shartnomalar yo‘lga qo‘yiladigan muhim maydon sifatida e’tirof etiladi.
Ko‘rgazma doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, International Beauty Industry Trade Association (Janubiy Koreya), Cosmoprof Worldwide Bologna (Italiya), Beauty Cluster hamda Beauty Business School (Ispaniya) kabi nufuzli tuzilmalar vakillari bilan samarali muzokaralar olib borildi.

Uchrashuvlar davomida mamlakatimiz kosmetika, estetik tibbiyot va farmatsevtika sanoatining mavjud salohiyati hamda uni yanada rivojlantirish imkoniyatlari keng taqdim etildi. Tomonlar O‘zbekistonda xalqaro brendlarni lokalizatsiya qilish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni transfer qilish, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash va ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Shu bilan birga, delegatsiya tomonidan mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, ishlab chiqarish infratuzilmasi, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyati xalqaro hamkorlarga batafsil tanishtirildi.
Mazkur ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy kompaniyalar va tashkilotlar bilan muzokaralarni faol olib bordi. Ularda kosmetika va farmatsevtika sohalarini yanada rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Farmatsevtika texnik universiteti tadqiqotchisi Mirjalol O‘ktamov Praga shahrida bo‘lib o‘tgan Pharmaceutics, Biopharmaceutics and Pharmaceutical Technology (PBP) 15-xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Mazkur nufuzli anjumanda farmatsevtika, biofarmatsevtika, dori yetkazib berish tizimlari va farmatsevtik texnologiyalar yo‘nalishidagi eng so‘nggi ilmiy yutuqlar muhokama qilindi.
– Ushbu ishtirok menga xorijlik hamkasblar bilan tajriba almashish, dolzarb ilmiy muammolarning innovatsion yechimlari bilan tanishish imkonini berdi, – dedi Mirjalol O‘ktamov.
Umuman olganda, O‘zbekistonning Cosmoprof Bologna ko‘rgazmasidagi ishtiroki mamlakatimiz kosmetika va farmatsevtika sanoatining ishlab chiqarish va ilmiy salohiyatini namoyon etish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda “Uzbekistan” brendini xalqaro maydonda mustahkamlash yo‘lida muhim qadamdir. Shu bilan birga, amalga oshirilgan uchrashuv va muzokaralar yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va xalqaro biznes aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA