O‘zbekistonning bojxona tajribasi Pokiston e’tiborida
Ilg‘or tajriba, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasida Pokiston Islom Respublikasi Daromadlar kengashining bojxona operatsiyalari bo‘yicha a’zosi Sayed Shakil Shoh boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘.Nasirov, qo‘mitaning tegishli tarkibiy tuzilmalari rahbarlari hamda Pokiston delegatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasida bojxona sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy bojxona ma’murchiligini joriy etish va o‘zaro tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, o‘zaro savdo bo‘yicha bojxona statistikasi ma’lumotlarini almashishni qayta yo‘lga qo‘yish, Pokistonning «Single Window» — «Yagona darcha» tizimi faoliyati, tranzit tashuvlarida GPS elektron plombalardan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, bojxona sohasida sun’iy intellekt, xavflarni boshqarish va Behavior Analysis — xulq-atvor tahlili yo‘nalishlarida ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘zaro tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Pokiston delegatsiyasi O‘zbekiston bojxona xizmatining Targetlash markazi faoliyatiga yuqori baho berdi.

Qayd etilganidek, mazkur markaz qisqa vaqt ichida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ilg‘or tuzilmalardan biriga aylangan. Uning faoliyati zamonaviy texnologiyalar va xavflarni boshqarish mexanizmlaridan samarali foydalanish orqali bojxona nazoratini yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Pokistonda ham Targetlash markazini tashkil etish jarayoni davom etayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Pokiston tomoni O‘zbekiston tajribasini chuqur o‘rganish, sohadagi ilg‘or yondashuvlarni o‘zlashtirish va ikki davlat mutaxassislari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.

Bunday tajriba almashinuvi bojxona nazoratini yanada samarali tashkil etish, tashqi savdo operatsiyalarida shaffoflikni oshirish hamda tovarlar harakatini tezlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muloqot davomida bojxona sohasida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish masalasi ham diqqat-markazida bo‘ldi.
Tomonlar zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, xavflarni oldindan aniqlash va tahlil qilish, tranzit tashuvlar xavfsizligini ta’minlash hamda bojxona jarayonlarini avtomatlashtirish borasida hamkorlikni kuchaytirish muhimligini qayd etdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA