O‘zbekistonning 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis palatalari tashabbusi bilan tashkil etilgan anjuman Adliya vazirligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazildi.
Konferensiyada parlament a’zolari, davlat organlari vakillari, xorijiy davlatlar parlamentlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlar va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Anjuman davomida O‘zbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li, bu davrda amalga oshirilgan siyosiy-huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, ularning natijalari hamda kelgusi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Ayniqsa, keyingi o‘n yillikda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari hamda farovonligini ta’minlash masalasi turgani alohida ta’kidlandi.
Oliy Majlis Senati Raisi o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan tub islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida yangi yondashuvlarni shakllantirganini ta’kidladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va parlament rolini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgarishlar qonunchilik hokimiyatining o‘rni va mas’uliyatini yanada oshirgani qayd etildi. Bugun parlament oldida turgan asosiy vazifa esa berilgan vakolatlarning o‘zi emas, balki ular orqali odamlar hayotida aniq natijalarga erishish ekani ta’kidlandi. Bu yondashuv mahalliy kengashlar faoliyatiga ham bevosita daxldor bo‘lib, aholi murojaatlarini eshitish, hudud muammolariga yechim topish va natijadorlikni ta’minlash muhim vazifa sifatida qayd etildi.

Konferensiya ishtirokchilari xalqaro hamkorlik yo‘nalishida O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlik muhiti tobora mustahkamlanayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, parlament diplomatiyasining ushbu jarayondagi o‘rni, tajriba almashish hamda umumiy muammolarga birgalikda yechim topish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston
parlamentining Parlamentlararo ittifoq, MDH Parlamentlararo assambleyasi va xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorligi izchil kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi. Toshkentda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro parlament anjumanlari mamlakatimizning parlamentlararo muloqotdagi faolligi va parlament diplomatiyasidagi nufuzi ortib borayotganining muhim ifodasi sifatida qayd etildi.
Xususan, Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti, BMT bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga bag‘ishlangan global forumlar o‘tkazildi. Shuningdek, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi tarixda birinchi marta Markaziy Osiyoda – Toshkent shahrida tashkil etildi. Bu kabi yirik anjumanlarning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizning xalqaro parlamentlararo muloqotdagi o‘rni va nufuzi yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik joriy yilning 4 - 6-sentabr kunlari Samarqandda O‘zbekiston parlamenti va Parlamentlararo ittifoq hamkorligida yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi o‘tkazilishi bilan davom ettiriladi. Mazkur anjuman yosh parlament a’zolarining xalqaro muloqoti va tajriba almashishi maydoni sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bugun parlamentlarga kirib kelayotgan yosh avlod ertaga nafaqat milliy siyosat, balki xalqaro parlamentlararo muloqotning ham yangi qiyofasini belgilaydi.

Konferensiya doirasida ishtirokchilar sho‘’balarga bo‘lingan holda mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga oid masalalarni muhokama qildi. Xususan, konstitutsiyaviy islohotlar va parlamentarizmni rivojlantirish, iqtisodiy transformatsiya va investitsion jozibadorlikni oshirish, ekologik barqarorlik hamda “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish, shuningdek, parlament islohotlarining istiqboldagi ustuvor vazifalari yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbirda kelgusi taraqqiyotning muhim omillari sifatida zamonaviy bilim va texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamlashtirish, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, inson kapitalini rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasidagi imkoniyatlar tafovutini kamaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Konferensiya yakunida bildirilgan fikr, taklif va tavsiyalar asosida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, qonunchilik tajribasi almashinuvini kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan muhim vazifalar belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA