O‘zbekistonni Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yangi xalqaro transport yo‘laklari rivojlantiriladi (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.
Ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi boshlig‘i Amir Sultonov davlatimiz rahbarining Anqaraga tashrifi ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan muhim bosqich ekanini qayd etib, shunday dedi:
– Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot imzolandi. Hujjatda ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan, – dedi A.Sultonov.
Hamkorlikni amalga oshirishning institutsional asoslarini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qaror ham imzolandi. Bunda turli sohalar bo‘yicha doimiy qo‘shma qo‘mitalar tashkil etish, tizimli ravishda loyihalarni tatbiq etish mexanizmi yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiy hamkorlik masalalari uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Transport sohasida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Endi O‘zbekistonni Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yangi xalqaro transport yo‘laklari rivojlantiriladi. Xususan, O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya yo‘nalishi orqali konteyner poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu bevosita eksprot-import jarayonlarini tezlashtiradi va tadbirkorlar uchun yangi bozorlarga chiqish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida alohida kelishuvga erishildi. Bu ham shubhasiz Turkiyadan O‘zbekistonga ko‘proq investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Alohida ta’kidlash joizki, sog‘liqni saqlash sohasida ham muhim bitim imzolandi. Unga muvofiq, har yili belgilangan kvota asosida O‘zbekiston fuqarolari Turkiya tibbiyot muassasalarida bepul yuqori malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5fWEluRSOn8" title="O`zbekistonni Kavkaz va Evropa bilan bog`laydigan xalqaro transport yo`laklari rivojlantiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video), O‘zA