O‘zbekistonlik o‘quvchilar IMC xalqaro matematika musobaqasida 20 ta medalni qo‘lga kiritdi
Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilgan Xalqaro matematika musobaqasida (IMC) O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
32 ta davlatdan 600 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchi qatnashgan musobaqada O‘zbekiston vakillari 1 ta oltin, 9 ta kumush va 10 ta bronza, jami 20 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Junior toifasida Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Dilbek Ziyadullayev oltin medal sohibi bo‘ldi.
Kumush medallar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Abdusamat Abdikomilov, Shamshodbek Jalolov, Shohjahon Abdilsattarov, Nurafshon shahri Prezident maktabi o‘quvchisi Temurbek Zokirov, Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Anvar Abduvaliyev hamda Sergeli tumani ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Shahriyor Xayitboyevga nasib etdi.
Bronza medallarni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 219-maktab o‘quvchisi Ilyosbek Komiljonov, Sergeli tumani ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Asrorbek Qobilov, Ohangaron shahar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Shohjahon Niyozaliyev, Toshkent shahri Prezident maktabi o‘quvchisi Jahongir Farhodov, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Behruzbek Ismoilov hamda Chiroqchi tumani ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Ramziddin Rahmatillayev qo‘lga kiritdi.
Senior toifasida Sergeli tumani ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi Umarbek Ubaydullayev, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Fayzulloh Tohirov va Sirdaryo viloyati Rustam Bosimov xalqaro maktabi o‘quvchisi Ozodbek Sayakulov kumush medal bilan taqdirlandi.
Bronza medallar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Abdulaziz Rajabov, Buxoro shahridagi 35-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Komronbek Kamolov, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Baxtiyor Ostonov hamda Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Odiljon Yoqubovga nasib etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA