O‘zbekistonlik faol yoshlar “World Food Forum - 2026” xalqaro forumida ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) hamkorligida “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi uchun yosh talantlar” milliy tanlovi o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga istiqbolli yosh kadrlarni jalb etish hamda ularning salohiyatini xalqaro tajriba asosida yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda besh nafar eng iqtidorli yoshlar g‘olib bo‘ldi.
G‘oliblar Italiyada o‘tkazilayotgan “World Food Forum - 2026” xalqaro forumida ishtirok etmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, Butunjahon oziq-ovqat forumi (WFF) Global yoshlar harakati tashabbusi – butun dunyo yoshlarini birlashtirib, barqaror, inklyuziv va tashqi ta’sirlarga chidamli oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan global platformadir.

62 mamlakatni qamrab olgan va o‘n minglab yoshlarni birlashtirayotgan ushbu platforma yoshlarning yetakchiligidagi loyihalar va amaliy harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, u yosh avlod vakillariga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish, innovatsion yechimlarni ilgari surish hamda barqaror kelajakni shakllantirishda faol ishtirok etish imkonini beradi.
Forum doirasida tanlov g‘oliblari “Global Youth Action” yo‘nalishidagi “Yoshlar barqaror chorvadorlik kelajagi yo‘lida: milliy muloqotdan mintaqaviy hamkorlikka” mavzusidagi mintaqalararo sessiyada qatnashdi. Unda yosh chorvadorlar bilan o‘tkazilgan milliy maslahatlashuvlar natijalari muhokama qilindi. Yoshlarning ehtiyoj va takliflarini xalqaro darajada ilgari surildi hamda mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ma’lumot uchun, tanlov g‘oliblari 2027-yil davomida FAO va Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) bilan kelishilgan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich xalqaro stajirovka dasturlariga jalb etiladi.
N.Abduraimova, O‘zA