O‘zbekistonda tug‘ilish koeffitsiyenti qanday?
Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim jihatlaridan biri bo‘lgan demografik o‘sish sur’atlari izchil davom etmoqda. Aholi sonining barqaror o‘sishi nafaqat mamlakatning mehnat resurslari salohiyatini belgilaydi, balki ijtimoiy infratuzilmani rejalashtirishda ham asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy statistika qo‘mitasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda demografik o‘sish sur’atlari yuqori va barqaror ko‘rsatkichlarni saqlab qolmoqda. Xususan, 2025-yil yakunlari bo‘yicha respublikada tug‘ilish koeffitsiyenti har 1 000 nafar doimiy aholiga nisbatan o‘rtacha 23,2 nafarni tashkil etdi.
Hududlar kesimidagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, eng yuqori o‘sish sur’atlari voha viloyatlarida kuzatilmoqda. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari mos ravishda 27,5 va 27,1 ko‘rsatkich bilan demografik yetakchilikni saqlamoqda. Shuningdek, Samarqand (24,5), Jizzax (24,1) va Namangan (23,9) viloyatlarida ham tug‘ilish darajasi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ekani qayd etilgan.
Farg‘ona vodiysining boshqa hududlari — Farg‘ona (23,5) va Andijon (22,8) viloyatlarida ham barqaror holat kuzatilayotgan bo‘lsa, Xorazm, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida bu raqam 22 atrofida turibdi.
Nisbatan pastroq ko‘rsatkichlar Buxoro va Toshkent viloyatlarida qayd etilgan. Bu viloyatlarda tug‘ilish koeffitsiyenti 20 nafardan ziyodni tashkil etgan bo‘lsa, poytaxt Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 19,8 nafarga teng bo‘ldi. Eng kam tug‘ilish darajasi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, har ming kishiga 19,2 nafar chaqaloq to‘g‘ri kelmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA