O‘zbekistonda takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturi taqdim etildi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekistonda ta’lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘lgan takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturini taqdim etdi.
Mazkur dastur Islom taraqqiyot banki, Arab muvofiqlashtirish guruhi va Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik tashkiloti tomonidan moliyalashtirilayotgan SmartED loyihasi doirasida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) qo‘llovi hamda Cambridge University Press & Assessment bilan hamkorlikda takomillashtirildi.
Takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturida barcha o‘quvchilar uchun aniq o‘quv maqsadlari belgilanib, ular ta’lim natijalari yuqori bo‘lgan xalqaro ta’lim tizimlari standartlari bilan yanada uyg‘unlashtirildi. Islohotning asosiy maqsadlaridan biri boshlang‘ich, tayanch o‘rta va yuqori o‘rta ta’lim bosqichlarida o‘quvchilarning ta’lim natijalarini izchil oshirish, shuningdek, xalqaro miqyosda tan olingan A Level standartlariga qiyoslanadigan natijalarga erishish uchun zarur ta’lim asoslarini shakllantirishdan iborat.
Qariyb ikki yil davomida 147 nafar mahalliy va 30 nafar xalqaro ekspert ishtirokida takomillashtirilgan dastur dalillarga asoslangan keng ko‘lamli jarayon natijasidir. Unda 260 dan ortiq ishchi uchrashuv va maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Jarayonning muhim jihati shundaki, ilk bor barcha fanlar bo‘yicha milliy ishchi guruhlar xalqaro fan ekspertlari bilan tizimli va uzluksiz hamkorlik qildi. Xalqaro mutaxassislar har hafta milliy ekspertlar bilan birgalikda ishlab, o‘quv dasturlarini kompleks ravishda takomillashtirishda bevosita ishtirok etdi.
[gallery-30941]
Takomillashtirilgan o‘quv dasturining asosini kompetensiyaga asoslangan yondashuv, inklyuzivlik va teng imkoniyatlarni ta’minlash tamoyillari tashkil etadi. Ta’limning universal dizayni yondashuvi esa barcha o‘quvchilar, jumladan, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega hamda yuqori salohiyatli bolalar uchun ta’lim mazmunidan samarali foydalanish imkonini yaratadi.
Aniq belgilangan o‘quv maqsadlari va spiral tamoyili asosida ishlab chiqilgan dastur o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u sinflar va ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytiradi, fanlararo bog‘liqlikni ta’minlaydi hamda olingan bilimlarni real hayotiy vaziyatlarda amalda qo‘llashga alohida e’tibor qaratadi.
Yangi mazmun o‘quvchilarda raqamli savodxonlik, iqlim va yashil ta’lim, ijtimoiy-emotsional kompetensiyalarni rivojlantirishga qaratilgan. Bu esa yoshlarni kelajak hayotiga tayyorlash bilan bir qatorda, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi ustuvor maqsadlarini amalga oshirishga ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimovning ta’kidlashicha, ta’lim mazmunini takomillashtirishga qaratilgan ushbu islohot ta’lim tizimini keng ko‘lamda transformatsiya qilish jarayonining muhim tarkibiy qismidir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, islohot baholash tizimini takomillashtirish, o‘quv jarayoni sifatini oshirish, darsliklar va o‘quv-metodik materiallarni yaxshilash kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi. Takomillashtirilgan o‘quv dasturlari samarali dars jarayonini tashkil etish, formativ baholashni keng qo‘llash, inklyuzivlik va gender tengligini ta’minlash, shuningdek, har bir o‘quvchidan yuqori natijalar kutiladigan ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio ta’lim islohotini mamlakat hukumati rahbarligida, mahalliy ekspertlar, o‘qituvchilar va ta’lim muassasalarini xalqaro tajriba bilan birlashtirgan umummilliy jarayon sifatida baholadi.
Uning ta’kidlashicha, yangi o‘quv dasturi islohotlarning turli yo‘nalishlari uchun yagona qarash va umumiy yo‘nalishni belgilab beradi. Bu esa ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan turli sarmoya va islohotlarning bir-birini to‘ldirishi hamda yakunda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishiga zamin yaratadi.
Cambridge University Press & Assessment tashkilotining Ta’lim islohotlari bo‘yicha rahbari Stiv King esa mazkur islohotning kuchli jihatlaridan biri uni ishlab chiqish jarayoni ekanini qayd etdi. Uning aytishicha, jarayonga Respublika ta’lim markazi va fanlar bo‘yicha ishchi guruhlar yetakchilik qilgan bo‘lsa, Kembrij hamda YUNISEF xalqaro dalillar, tadqiqotlar va ilg‘or tajriba bilan o‘z hissasini qo‘shgan.
Takomillashtirilgan Milliy o‘quv dasturi to‘liq amaliyotga joriy etilgach, qariyb 7 million nafar o‘quvchini qamrab olishi kutilmoqda. Dastur o‘quvchilarning kognitiv, ijtimoiy va emotsional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularni jadal o‘zgarib borayotgan dunyoda mustaqil hayot kechirishga hamda zamonaviy mehnat bozorining tobora ortib borayotgan talablariga tayyorlashga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, islohotning yakuniy samarasi nafaqat yangi dasturning qabul qilinishi, balki uning amaliyotga qay darajada samarali joriy etilishi va mamlakat bo‘ylab ta’lim sifati qanchalik yaxshilanishi bilan belgilanadi.
N.Usmonova,
S.O‘rmonov (suratlar),
O‘zA muxbirlari