O‘zbekistonda sun’iy intellekt etikasi yetarlimi?
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining “Sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha etika qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan sun’iy intellekt etikasi qoidalari ishlab chiqildi. U inson huquqlari, shaffoflik, adolat va xavfsizlik kabi universal tamoyillarga tayangan.
Ammo savol shuki, bu hujjat real boshqaruv vositasimi yoki faqat “yaxshi niyatlar deklaratsiyasi”mi?
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Abdulaziz Abdurazzoqov bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
–Bu hujjatning eng kuchli tomoni — u sun’iy intellektni “nazorat ostidagi texnologiya” sifatida ko‘radi. Ya’ni, sun’iy intellekt tomonidan qabul qilingan qarorlar hech qachon yakuniy bo‘lmasligi kerakligi alohida ta’kidlanadi. Bu, aslida global tendensiyalarga mos keladi: inson markaziy rolni saqlab qoladi, AI esa yordamchi vosita sifatida ishlaydi.
Ayniqsa, sog‘liqni saqlash yoki yuridik ahamiyatga ega qarorlar kabi sohalarda bu yondashuv o‘ta muhim. Ammo bu yerda bir muammo bor: nazorat kim tomonidan va qanday mexanizmlar orqali amalga oshiriladi? Hujjat bu savolga yetarli darajada aniqlik kiritmaydi.
Shuningdek, hujjatda “tushunarlilik” va “shaffoflik” tamoyillariga alohida urg‘u berilgan. Sun’iy intellekt tizimlari qanday ishlashi, qanday ma’lumotlarga asoslanishi va qanday qaror qabul qilishi foydalanuvchi uchun tushunarli bo‘lishi kerak. Bu prinsip nazariy jihatdan juda to‘g‘ri — lekin amaliyotda eng murakkab masalalardan biri aynan shu. Zamonaviy AI tizimlari, ayniqsa neyron tarmoqlar, ko‘pincha “qora quti” sifatida ishlaydi. Demak, hujjat real texnologik murakkablikni emas, balki ideal modelni tasvirlayotgandek ko‘rinadi.
Yana bir ijobiy jihati shundaki, diskriminatsiyaga qarshi qat’iy pozitsiya. Hujjat AI tizimlari insonlarni jinsi, millati, dini yoki ijtimoiy kelib chiqishiga qarab kamsitmasligi kerakligini belgilaydi. Bu prinsip xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi. Ammo bu yerda ham muhim savol paydo bo‘ladi: algoritmik tarafkashlikni kim va qanday aniqlaydi? Agar tizim bilvosita diskriminatsiya qilsa, mas’uliyat kim zimmasiga tushadi — ishlab chiquvchimi, foydalanuvchimi yoki davlatmi?
Hujjatda mas’uliyat masalasi bor, lekin u ham umumiy shaklda ifodalangan. Sun’iy intellekt ishtirokchilari o‘z harakatlari uchun javobgar bo‘lishi kerakligi qayd etiladi. Biroq, bu “javobgarlik”ning huquqiy shakli, sanksiyalari yoki nizolarni hal qilish mexanizmlari ochiq qolmoqda. Bu esa etik qoidalarni real huquqiy instrumentga aylantirish uchun yetarli emas.
Eng qiziqarli jihatlardan biri hujjatning o‘zi hali kuchga kirmaganidir. U e’lon qilingandan uch oy o‘tib kuchga kiradi. Bu vaqt oraliq davr sifatida qaralishi mumkin. Shu bilan birga, bu hujjatning o‘zi hali “sinov bosqichida” ekanini ham anglatadi.
Umuman olganda, ushbu etika qoidalari O‘zbekistonning sun’iy intellektni tartibga solish borasidagi siyosiy irodasini yaqqol ko‘rsatadi. U xalqaro standartlarga mos, muvozanatli va ehtiyotkor hujjat. Ammo uning asosiy kamchiligi majburiylik va ijro mexanizmlarining yetishmasligida. Etika bu yo‘nalish beruvchi kompas, lekin u avtomatik ravishda harakatni ta’minlamaydi.
Agar mamlakatimiz haqiqatan ham AI sohasida yetakchi bo‘lishni istasa, keyingi bosqich aniq: etik qoidalarni majburiy huquqiy normalarga aylantirish, mustaqil nazorat organlarini yaratish va real javobgarlik mexanizmlarini joriy etish. Aks holda, bu hujjat yaxshi yozilgan, lekin amalda kuchsiz qoladigan deklaratsiyaga aylanish xavfi bor.
Sun’iy intellekt davrida eng katta savol texnologiya haqida emas, boshqaruv haqida. Biz esa aynan shu savolga javob izlayotgan davlatlar qatoriga qo‘shilamiz.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA