O‘zbekistonda Qur’on va tajvid ilmlariga e’tibor yuksak
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizda ilmiy safar bilan bo‘lib turgan Qur’on va tajvid ilmlarining yirik ustozi, Butunjahon Qur’oni karimni yodlash tashkiloti Ilmiy kengashi raisi doktor Shayx Ayman ibn Rushdiy Suvayd bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Qur’oni karimni o‘rganish va o‘rgatish, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuv davomida yurtimiz tajvid ustozlari uchun tashkil etilayotgan mahorat darslari va ilmiy suhbatlar, shuningdek, Qur’on ilmlarini chuqur o‘rganishga qaratilgan tashabbuslarning ahamiyati qayd etildi. Muftiy Shayx Ayman Suvaydga mazkur ilmiy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki va ustozlarga berilayotgan saboqlari uchun minnatdorlik bildirdi.

Shayx Ayman Suvaydning o‘n qiroat ilmi bo‘yicha ko‘p yillik ilmiy-tadqiqotlari ham muloqotda alohida e’tirof etildi. Olimning qariyb qirq yillik izlanishlari mahsuli bo‘lgan «At-Tajvid al-Musovvar» asari, shuningdek, Qur’on va tajvid ilmlariga bag‘ishlangan teledasturlari dunyo musulmonlari, jumladan, O‘zbekistondagi ilm toliblari uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Shayx Ayman Suvayd O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, Qur’oni karimga bo‘lgan yuksak ehtirom hamda ilmiy hamkorlikka qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadi.
Olim yurtimizda o‘tkazilayotgan mahorat darslarida ishtirok etayotgan ustoz-mudarrislarning bilim va ilmiy salohiyatidan mamnun bo‘lganini bildirdi.
Hamroz Bayonov,O‘zA