O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarining yangi usuli ishga tushdi
Markaziy bank turli banklar mijozlarining hisobvaraqlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkonini beruvchi Account-to-Account (A-A) servisini ishga tushirdi.
Markaziy bank matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, endilikda jismoniy shaxslar mablag‘larni bir bank hisobvarag‘idan boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazishi mumkin. Ushbu servis Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi farmoni ijrosi doirasida joriy etilmoqda. Yangi tizim raqamli moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish va foydalanuvchilar uchun qulayliklarni oshirishga qaratilgan.
Account-to-Account (A-A) tizimi turli banklar mijozlarining hisobvaraqlari o‘rtasida bevosita pul o‘tkazmalarini ta’minlaydi. Bu usul bank kartasi raqamlari orqali amalga oshiriladigan an’anaviy P2P o‘tkazmalaridan farq qiladi. Yangi formatda operatsiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu yangi karta emas va alohida karta ochish talab etilmaydi. Mavjud bank ilovasida pul o‘tkazish usuli sifatida tanlanadi va xizmat turini belgilash orqali amalga oshiriladi.
Servis faoliyati uchun zarur texnik infratuzilma Markaziy bankning Axborotlashtirish bosh markazi tomonidan yaratildi. Hozirda ushbu tizim barcha banklarda texnik jihatdan joriy etilgan.
Shu bilan birga, amaldagi P2P pul o‘tkazmalari ham saqlanib qoladi. Account-to-Account (A-A) esa qo‘shimcha va yanada qulay imkoniyat sifatida taklif etilmoqda.
Servisdan foydalanish uchun komissiya to‘lovlari har bir bank tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Komissiya miqdori bank va xizmat turiga qarab farq qilishi mumkin.
Markaziy bank tariflar shakllantirilishida regulyator aralashmasligini ta’kidlab, foydalanuvchilarga pul o‘tkazishdan oldin banklarning shartlari va komissiyalarini taqqoslab chiqishni tavsiya qildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA