O‘zbekistonda iqlim uchun ilmiy jang yoxud dendrologiya bog‘lari bizga nima beradi?
“Yashil makon” umummilliy loyihasi
Bugun ekologiya bilan bog‘liq xavflar haqida gapirish uchun mutaxassis bo‘lish shart emas. Bu boradagi muammolar dunyoning istalgan nuqtasidagi oddiy odamga ham ko‘rinib turibdi.
Insonlar havoning sifati, chang-to‘zonlar, yozdagi g‘ayritabiiy issiqlik va me’yor bilmayotgan yog‘in-sochinlardan xavotir bildirmoqda. Dunyoda buni ko‘pga kelgan “to‘y” deb kuzatib o‘tirganlar bor. Tabiatning mana shu kabi dardlariga darmon izlayotganlar talay.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 1-aprel kuni Toshkentda Milliy dendrologiya bog‘ining barpo etilishiga start berildi. Buni shunchaki navbatdagi ko‘chat ekish tadbiri desak xato bo‘ladi. Bu yurtimiz iqlimini “davolash” sari tashlangan strategik qadam bo‘ldi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Dendrologiya bog‘i o‘zi nima, u oddiy istirohat maskanidan nimasi bilan farq qiladi va bizga u nega kerak edi? Quyida shu haqida qisqacha mulohaza qilamiz.
Oddiy bog‘larda biz ko‘pincha archa yoki chinorni ko‘rishga o‘rganganmiz. Dendrologiya bog‘i esa tirik laboratoriya sanaladi. Bu yerda dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan va mahalliy iqlimga moslashtirilgan noyob daraxt, buta va o‘simliklar jamlanadi.

Poytaxtimizda barpo etilayotgan 108 gektarlik majmua shunchaki sayrgoh bo‘lmaydi. U ma’lum yo‘nalishlar uchun ilm-fan maskaniga aylanadi. Bu yerda “in-vitro” laboratoriyalari, urug‘chilik va seleksiya markazlari ishlaydi. Ya’ni, qaysi daraxt bizning sho‘r tuprog‘imizga chidamli, qaysi biri kam suv ichib, ko‘p kislorod berishi ilmiy asosda o‘rganiladi.
Ochig‘ini aytish kerak, oxirgi yillarda mamlakatimizning barcha hududlaridagi shaharlarda “betonlashish” jarayoni kuchaydi. Daraxtlar kesilishi, yashil maydonlar kamayishi kuzatilgani ham haqiqat. Oqibatida ba’zi katta shaharlarimiz, xususan, poytaxtimiz havosida zararli zarrachalar miqdori ko‘paydi.
Prezidentning 2026-yil 25-martdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tabiatni asrash va ekologik muammolarni yumshatish yo‘lida yangi qadam bo‘ldi. Hujjat hududlarning nafaqat manzarali qiyofasi, balki sog‘lom ekologik holatini yaxshilashda navbatdagi huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu farmon bilan yaqin istiqbolda respublikaning barcha hududlaridagi ma’lum maydonlarda botanika va dendrologiya bog‘larining tashkil etilishi belgilandi.
– Keyingi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili ikki yuz million tup ko‘chat ekib kelinmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. – Mana shu o‘tgan davrda ikki ming gektardan ziyod maydonda mingga yaqin yashil bog‘ va yashil jamoat parklari, ellikka yaqin massivda “Yangi O‘zbekiston bog‘lari” barpo etildi. Respublikaning tog‘, cho‘l va adir hududlarida o‘rmonlar tashkil qilindi. Orolning qurigan tubida esa ikki million gektar maydonda yashil qoplamali himoya o‘rmonzorlari yaratildi. Shamol va qum-chang bo‘ronlari zararli ta’sirining oldini olish maqsadida o‘ttizdan ortiq tumanlarda “yashil belbog‘” hosil qilindi.
Darhaqiqat, Prezident farmoniga muvofiq, 2030-yilga qadar mamlakatimizda umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish bo‘yicha katta marra belgilandi.
Shu maqsadda Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratiladi. Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil qilishga mas’ul bo‘ladi.

Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarida dendrologiya bog‘lari shaharsozlikning ajralmas qismiga aylangan. Bu bog‘larning ahamiyatini bilganlar ularni mo‘’jiza deb atashadi. Masalan, bugungi kunda Buyuk Britaniyadagi xalqaro “Kew Gardens” bog‘i nafaqat sayyohlarni jalb qiladi, balki dunyodagi eng katta o‘simliklar genofondiga ega maskan hisoblanadi.
Singapur tajribasida esa “bog‘ ichidagi shahar” konsepsiyasi ustunlik qiladi. Bunda hatto binolar tepasida ham yashillik yaratish orqali havo namligi saqlab qolinmoqda.
O‘zbekiston ham mana shu yo‘ldan bormoqda. Bizga shunchaki soya beradigan daraxt emas, balki allergiya qo‘zg‘atmaydigan, changni yaxshi tutib qoladigan va suvsizlikka chidamli “aqlli” yashil hududlar kerak.
Dunyo tajribasida dendrologiya bog‘lari davlatning ekologik vizit kartasi hisoblanadi. O‘zbekistonda ham Xitoyning cho‘llanishga qarshi kurashish tajribasi asosida joriy yil Arnasoy, Qorako‘l, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida sho‘rga chidamli bog‘lar yaratildi. Bu bog‘lar yerning sho‘rini yuvib, tuproqni qayta tiriklikka qaytaradi. Bu yerlarda yetishtirilgan urug‘lar kelgusida minglab gektar yerlarda sho‘rlanishni kamaytirish va tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Sirdaryoda barpo etilayotgan 84 kilometrli “yashil devor” yoki Surxondaryodagi 10 ming gektarlik massivlar ham bu dunyodagi eng ilg‘or ekologik to‘siqlarning o‘zbekcha modelidir. Bu bog‘lar shunchaki manzara emas, balki tabiat injiqliklariga qarshi qurilgan tirik qalqondir.
Yaxshi niyat bilan ekilgan ko‘chat qurib qolmasligi uchun sug‘orish tizimi yaxshi ishlashi kerak. Prezident ta’kidlaganidek, suv yo‘q joyga ko‘chat ekish mablag‘ni havoga uchirish degani. Shuning uchun yangi bog‘larda tomchilatib sug‘orish va ilg‘or texnologiyalar qo‘llaniladi.
Shuningdek, “Yashil” texnikumlarning tashkil etilishi bejiz emas. Daraxtni ekishdan ko‘ra, uni parvarish qilishni biladigan mutaxassisning bo‘lishi muhim.
Dendrologiya bog‘lari tashki etilayotgani xalqimizning tabiat oldidagi burchi va ertangi kunni sog‘lom kutib olish uchun eng to‘g‘ri investitsiyasi sanaladi. Bu jarayonda faol bo‘lishimiz hammasidan muhimi. Shu shijotada davom etilsa to‘rt-besh yilda yurtimiz yashillik darajasi ko‘zlangan o‘ttiz foizga, albatta, yetadi.
Kechagi tadbirda Prezident ishtirokchilar bilan birga ilk besh gektar maydonda nihol qadadi. O‘sha vaqtda esa respublika bo‘ylab 88 ming tup ko‘chat o‘tqazildi. Aslida bu katta start degani. Demak, asosiy vazifa endi boshlanadi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi