O‘zbekistonda ekoturizm uchun qanday imkoniyatlar bor?
Ekoturizm — tabiatga zarar yetkazmagan holda, uni asrab-avaylash va tabiiy hududlarni o‘rganishga qaratilgan sayohat turi. Ammo ekoturizmda nafaqat tabiatni tomosha qilish, balki uni asrab-avaylash ham dolzarb.
Mamlakatimiz ekoturizm va barqaror turizm sohasida xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlamoqda. Toshkentda o‘tkazilgan “Ekoturizm va barqaror turizm” xalqaro yirik sammit tabiiy va sayyohlik salohiyatini dunyo turizm bozoriga yanada keng olib chiqish, yangi investorlar va xorijiy hamkorlarni jalb etish uchun muhim maydon bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Xalqaro ekoturizm assotsiatsiyasi hamda “TGS Travel” xalqaro sayyohlik tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan turizm sohasi mutaxassislari, davlat va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi. Avval Turkiya, Misr, Vetnam va Tanzaniya kabi yirik turistik markazlarda o‘tkazilgan mazkur xalqaro sammitga 2026-yilda birinchi marta O‘zbekiston mezbonlik qildi. Bu mamlakatimizning ekologik va barqaror turizm sohasidagi salohiyati xalqaro darajada tobora ko‘proq e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.

Sammitda AQSH, Kanada, Yangi Zelandiya, Yevropa va Osiyoning qator davlatlaridan 100 ga yaqin yirik xorijiy turoperator, sayyohlik kompaniyalari va soha ekspertlari qatnashdi. Ular O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini bevosita o‘rganish, mahalliy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish va yangi turistik mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ayniqsa, Shimoliy Amerika va Yevropa bozorlari bilan hamkorlikni kengaytirish sammitning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Tadbirda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatda turizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. BMT Turizm ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning eng tez o‘sib borayotgan yetakchi 7 ta sayyohlik yo‘nalishi qatoridan o‘rin olgan. Joriy yil boshidan buyon mamlakatimizga 8 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Turistlarning O‘zbekistonda o‘rtacha bo‘lish muddati esa 8 kungacha uzaytirilgan.

Xorijiy va mahalliy investorlarni turizm sohasiga yanada keng jalb qilish uchun qator moliyaviy rag‘batlar joriy etilmoqda. Jumladan, mehmonxonalar qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 50 million AQSH dollari miqdorida resurs ajratilib, tadbirkorlarga 10 yil muddatga 16 foizli imtiyozli kreditlar taqdim etiladi. Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurilishiga subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Mehmonxonalar uchun o‘n baravar kamaytirilgan yer va mol-mulk solig‘i stavkalari ham 2030-yilgacha saqlanadi. Bundan tashqari, turoperatorlarning xorijiy sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlari eksportga tenglashtirilib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni olib kirishdagi bojxona imtiyozlari ham yana bir yilga uzaytiriladi.
Sammitning eng amaliy qismi B2B uchrashuvlari bo‘ldi. Unda xorijiy turoperatorlar va mahalliy sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Ayniqsa, Kanada, Buyuk Britaniya va Yevropa davlatlaridagi xarid qobiliyati yuqori bo‘lgan, kelib chiqishi osiyolik musulmonlar diasporasi vakillari uchun turlar tashkil etish imkoniyatiga ega kompaniyalar bilan strategik hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Uchrashuvlar natijasida mahalliy va xorijiy turizm sub’ektlari o‘rtasida qator amaliy kelishuvlarga erishilib, uzoq muddatli hamkorlik loyihalarini boshlash uchun asos yaratildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA