O‘zbekistonda bolalar manfaatlari ta’minlanishida YUNISEF bilan hamkorlik o‘z samarasini bermoqda
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning mintaqaviy direktori Eduard Beygbeder bilan uchrashdi.
(E. Beygbeder Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” mavzusidagi Butunjahon sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan).
Uchrashuvda O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasida bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning farovonligini ta’minlash hamda har bir bola uchun munosib sharoitlar yaratish borasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda bolalar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayogani qayd etildi. Bu jarayonda YUNISEF bilan yo‘lga qo‘yilgan izchil hamkorlik o‘z samarasini bermoqda.

O‘zaro muloqotda bolalar manfaatlariga oid qonunchilik hujjatlari, jumladan, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning ahamiyati, ijrosi ta’minlanayotganiga e’tibor qaratildi.
Qonunchilik normalarining hududlarda amalga oshirilishini YUNISEF ekspertlari bilan hamkorlikda o‘rganish, bolalarga ko‘rsatilayotgan yordam samaradorligini baholash va natijalar asosida amaliy chora-tadbirlarni belgilash zarurligi aytildi.
Bolalarning qobiliyat va iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, bu borada mutaxassislar va ota-onalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oila muhitida tarbiyalash imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham fikr yuritildi. YUNISEF tomonidan O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga ko‘mak ko‘rsatish, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, shuningdek, ijtimoiy dasturlarni samarali amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni YUNISEFning 2026 - 2030-yillarga mo‘ljallangan dasturiga uyg‘unlashtirish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA