O‘zbekistonda AI va kiberxavfsizlik bo‘yicha xalqaro platforma yaratildi (+video)
Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Fransiyaning “Bureau Veritas” kompaniyasi hamkorligida “Sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi: ISO standartlari raqamlashtirish davrida” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tadbirda vazirlik va idoralar, bank-moliya muassasalari, yirik sanoat korxonalari, xalqaro ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada raqamlashtirish jarayonlari jadallashib borayotgan hozirgi sharoitda axborot xavfsizligini ta’minlash, kiberxavflarni boshqarish va sun’iy intellekt texnologiyalarini xalqaro standartlar asosida joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, 1828-yilda tashkil etilgan “Bureau Veritas” kompaniyasi bugungi kunda 1600 dan ortiq ofis va laboratoriyalarga ega bo‘lib, 84 mingdan ziyod xodimni birlashtirgan holda mustaqil ekspertiza, inspeksiya, sinov va sertifikatlashtirish sohasida jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi.
Tadbirda O‘zbekistonda raqamlashtirish, axborot xavfsizligi va sun’iy intellektni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari mamlakatda ISO xalqaro standartlari asosida sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, axborot xavfsizligini mustahkamlash hamda sohada sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, agentlik tomonidan “Texnik jihatdan tartibga solish” milliy axborot tizimini ishga tushirish bo‘yicha amaliy tajriba taqdim etildi. Tojikistonning “TALCO TAKOB” kompaniyasi rahbariyati esa qo‘shni mamlakatda axborot xavfsizligi va sun’iy intellektni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
— Bugun mamlakatimizda raqamlashtirish va axborot xavfsizligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, — deydi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi SMT bo‘limi boshlig‘i A.Asqarov. — Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ISO xalqaro standartlari asosida sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, milliy axborot tizimlarini rivojlantirish va korxonalarda kiberxavfsizlik talablarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Tadbir doirasida bir qator mahalliy korxonalarga xalqaro ISO sertifikatlari topshirildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston kompaniyalari o‘rtasida kadrlar tayyorlash va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Eng muhimi, konferensiya axborot xavfsizligi va sun’iy intellekt sohasida xalqaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Konferensiya davomida Turkiyaning “BEAM Technology”, O‘zbekistonning “INNOVASOFT”, “SMS SYSTEMS”, “Kapital Sug‘urta” hamda xalqaro “Check Point Software Technologies” kompaniyalari mutaxassislari kiberxavfsizlik, raqamli barqarorlik va sun’iy intellekt mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarini taqdim etdi.
Tadbirning yana bir muhim jihati — qator mahalliy korxonalarga xalqaro ISO sertifikatlarining topshirilishi bo‘ldi. Jumladan, “ADM Jizzakh”, “Samarqand avtomobil zavodi”, “EAST CAN SOLUTIONS” va “IMPEX INSURANCE” kompaniyalariga ISO 9001, ISO 14001, ISO 45001, ISO 50001 hamda FSSC xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlar berildi.
Shu bilan birga, “Bureau Veritas Tashkent” hamda Tojikistonning “TALCO TAKOB” kompaniyasi o‘rtasida korxona xodimlarini xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur konferensiya axborot xavfsizligi va sun’iy intellekt sohasida xalqaro tajriba almashish, zamonaviy standartlarni joriy etish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
— Hozir raqamlashtirish jarayonlari jadal sur’atlarda kechmoqda, — dedi "Bureau Veritas” kompaniyasining Shimoliy Yaqin Sharq va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti M.Moreno. — Davlat boshqaruvi, bank-moliya tizimi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Bu esa axborot xavfsizligini ta’minlash, kiberxavflarning oldini olish va ma’lumotlarni ishonchli himoya qilishni strategik vazifaga aylantirmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalari keng qo‘llanilayotgan bugungi davrda xalqaro ISO standartlari muhim ahamiyatga ega. Konferensiyaning asosiy maqsadi — axborot xavfsizligi, kiberbarqarorlik va sun’iy intellektni boshqarish sohasida xalqaro tajribani o‘rganish, ISO standartlarini joriy etish bo‘yicha amaliy yechimlarni muhokama qilish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Bureau Veritas” bugungi kunda sertifikatlashtirish, inspeksiya va ekspertiza sohasida jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya ISO standartlarini joriy etish, axborot xavfsizligi va kiberxavflarni boshqarish bo‘yicha katta tajribaga ega. Ularning ilg‘or amaliyoti O‘zbekiston korxonalari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IwtOAy8kKME" title="O‘zbekistonda AI va kiberxavfsizlik bo‘yicha xalqaro platforma yaratildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, Oybek Davronov (video), O‘zA